Ajal ostonasida g‘azalxonlik: 1941 yil. Leningrad qamali paytida Alisher Navoiyning 500 yilligi qanday nishonlangan edi?
Shu yilning 10 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston va Rossiyaning bir gurux tarixchi, sharqshunos va olimlari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Qahramoni, olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov, O‘zbekistonning Sankt Peterburg shahridagi konsuli Alisher Boboyev, navoiyshunos olimlardan Shuhrat Sirojiddinov, Aftondil Erkinov, Sultonmurod Olim, Olimjon Davlat, Burobiya Rajabova, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova va boshqalar Navoiy merosining bugungi kundagi ahamiyati, uning insonparvarlik g‘oyalari, navoiyshunoslar jasorati xususida so‘z yuritishdi.
Buyuk mutafakkir ijodi asrlar davomida butun insoniyatni ezgulikka, tinchlik va do‘stlikka da’vat etib kelgan. Shu bois, hatto eng og‘ir damlarda Alisher Navoiy merosi insonlar qalbida yorug‘ kunlarga umid uyg‘otgan. 1941 yilning 10 dekabr kuni Ikkinchi jahon urushining eng mudhish damlarida, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahri dahshatli qamal iskanjasida qolgan paytlarda Davlat Ermitajida Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan ilmiy-anjuman o‘tkazilgan.
Qamalda qolgan shahar
Adolf Gitlerning rejasiga ko‘ra, birinchi navbatda yer yuzidan yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan sovet shaharlaridan biri, shubhasiz, Leningrad edi. U kattaligiga ko‘ra, ittifoqning ikkinchi yirik shahri sanalar, bu yerda uch milliondan ortiq aholi istiqomat qilardi. Leningrad ittifoqning harbiy va iqtisodiy jihatdan katta ahamiyatga ega markazlaridan hisoblanardi.
Shu bois, hujumning dastlabki kunlaridanoq Leningradni egallash va uni yer bilan yakson qilishga kirishiladi. 1941 yil 8 sentyabrdan boshlab, shahar nemislar va ularning ittifoqchilari tomonidan qurshovga olinadi. Ammo leningradliklar so‘nggi tomchi qonlari qolguncha shaharni himoya qilishga bel bog‘lashadi.
Qamal sharoitida shaharda ahvol kun sayin og‘irlashib borar, har kuni dushman kuchlarining havo hujumlari oqibatda o‘nlab insonlar hayot bilan vidolashardi. Ayni 1941 yilning qish kunlari boshlanishi bilan ahvol yanada og‘irlashadi. Shahardagi oziq-ovqat zahiralari tugab borar, jon boshiga bir necha grammdan non berilar, kanalazitsiya, elektr va issiqlik ta’minoti tamomila izdan chiqqandi. Birgina o‘sha yilning dekabr oyida 50 mingdan ortiq tinch aholi vakillari ochlik qurboniga aylanadi.
1941 yil, 10 dekabr...
G‘arbiy Yevropada Ikkinchi jahon urushi tobora alanga olayotgan bir paytda 1941 yil 12 mart kuni Nizomiy Ganjaviyning 800 hamda Alisher Navoiyning 500 yilligini nishonlash haqidagi hukumat qarori imzolangan edi.
Leningrad dahshatli qamal iskanjasida qolganiga qaramasdan, buyuk mutafakkirlar tavalludi nishonlanaveradi. Jumladan, Navoiy ijodiga bag‘ishlangan ijodiy kechalarni tashkil qilish Leningrad ziyolilarining o‘ziga xos jasorat namunasi bo‘ldi. 10 dekabr kuni Ermitaj binosiga taklif qilingan shoir va olimlar, rassom va ziyolilar ochlikdan arang qadam tashlab, Navoiyning 500 yilligi yubileyiga yetib kelishadi.
Fashistlar shaharni damba-dam to‘pga tutishar, bomba yog‘dirishar, har daqiqada ochlik va hujum sababli o‘nlab insonlar o‘limga ro‘baro‘ kelardi. Buyuk mutafakkir Navoiy tavalludining 500 yilligi tadbirlarida I.Orbeli, N.Lebedev, Ye.Bertels, B.Piotrovskiy. I.Krachkovskiy, V,Rojdestvenskiy singari buyuk olimlar va adiblar ishtirok etgan.
Navoiyxonlik orada tanaffus bilan 10-12 dekabr kunlari o‘tkazilgan. Tadbirning uchinchi kuni rus shoiri va tarjimonlaridan biri Navoiyning “O‘n sakiz ming odam oshubi...” deb boshlanadigan g‘azalning ruscha tarjimasini o‘qiy turib, gilam ustiga yiqilib tushgan va qaytib o‘rnidan turmagan.
Uj tak chto je, kol v serdse miloy vosemnadsat tisyach smut,
Miloy tolko vosemnadsat, razve lyudi ne poymut...
Ushbu tadbirda mashhur sharqshunos olim Iosif Orbeli shunday degandi. “Bugun juda murakkab vaziyatda Navoiy tavalludini nishonlayapmiz. Dushmanlar shaharni majolsiz va jonsiz deb o‘ylayotgan bir paytda bu tadbirning o‘tayotgani xalqning mardona ruhidan, uning bukilmas irodasidan darak beradi. Biz, albatta, g‘alaba qozonamiz va tinchlik sharoitida Navoiy tavalludini munosib tarzda nishonlaymiz. Ammo dushman zambaraklari ostida o‘tayotgan bu tadbir inson xotirasida abadiy qoladi. Hech narsaga qaramasdan she’riyat yashayveradi va uni hech qanday kuch mag‘lub etolmaydi. Biz har doim uning maftunkor olamiga kirib boraveramiz”.
Ochlik va o‘lim iskanjasida
– Dunyoning istalgan burchagida O‘zbekistonga oid osori-atiqalarni topish mumkin, – deydi O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov. – Xususan, buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy adabiy merosiga har doim, har yerda alohida e’tibor va ehtirom bilan qaraladi. Ochig‘i, Ikkinchi jahon urushining dahshatli damlarida ham Navoiy merosiga munosib ehtirom ko‘rsata olgan leningradlik olimlar jasorati tahsinga sazovor. Tasavvur qiling, ana shunday murakkab, dahshatli kunlarda, ochlik va o‘lim xavfi butun shaharni iskanjaga olgan bir paytda sankt-peterburglik olimlar Navoiy tavalludini nishonlashgan. Orbeli nutq so‘zlayotganda ikki marta kuchli portlash yuz beradi, hamma derazaga qaraydi. Fashistlarning ikkita bomchasi Neva daryosiga kelib tushgandi. Ammo shunga qaramasdan odamlar yig‘ilishni tark etmaydi, she’rxonlik davom etadi. Axir bu chinakam qahramonlik emasmi? Bugungi tadbirlardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad esa ana shu merosning ahamiyatini yana bir karra namoyish qilishdan iborat. Olimlarimiz rossiyalik hamkasblari bilan tanishib, tajriba almashishdi, Sankt Peterburgdagi nodir qo‘lyozmalar haqida ma’lumot olishdi, shu bilan birga bugungi Rossiyada Navoiy merosini o‘rganish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida tushunchaga ega bo‘ldik.
– Ochlik, muhtojlik, qahraton sovuq, turli kasalliklar butun shaharni iskanjaga olgandi, – deydi Davlat Ermitaji rahbari Mixail Piotrovskiy. – Marhum otam Boris Piotrovskiy o‘sha yillarda Ermitajga rahbarlik qilgan, undan qamal dahshatli, o‘sha paytda bu yerda o‘tkazilgan navoiyxonlik haqida ko‘p eshitganman. Shahar fashistlar tomonidan qamalga olingan, dushman har lahzada shahar ustiga ajal yog‘dirardi. Ammo olimlar Navoiyga bo‘lgan hurmat tufayli o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, tadbirga yetib kelgan. O‘shanda butun shaharda chiroq o‘chgan bo‘lsa-da, Ermitajda elektr ta’minoti uzilmagan. Neva daryosidagi, bir paytlar imperatorga tegishli bo‘lgan “Qutb yulduzi” yaxtasidan tok ulab, Ermitajning chiroqlari va mufel pechlarini yoqishgan. “Leningrad forfor zavodi” rassomi Mixail Mox miltillab yonayotgan pech qarshisida o‘tib, ochlikdan qaltirab, yubiley bag‘ishlangan chinni idishlarga Navoiy suratini chizgan. Ushbu idishlar hozir ham Ermitajda saqlanadi.
2021 yil, 10 dekabr
...Yana Sankt-Petereburg, yana qishning izg‘irin kunlaridan biri, yana Ermitaj va navoiyxonlik. Faqat oradan sakson yil o‘tgan. Urush, ochlik va qamal shaharning unutilmas, qonli va shonli o‘tmishiga aylangan. Shaharni oppoq qor qoplagan, ne-ne suronli kunlarning guvohi bo‘lgan Neva ham muz ko‘rpasi ostida sokin mudraydi. Ammo shaharda hayot qaynaydi.
Buyuk shoirning 580 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bu galgi tadbir tinch va osoyishta sharoitda, fayzli va tarovatli kechdi. Navoiy ijodidagi insonparvarlik g‘oyalari, Rossiyada saqlanayotgan Navoiy qo‘lyozmalari, Hirot adabiy muhiti haqida ma’ruzalar o‘kildi. Rus va o‘zbek tillarida Alisher Navoiy ijodidan namunalar tinglandi.
– Bu safar biz, navoiyshunoslar uchun ham g‘oyat foydali bo‘ldi, – deydi filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov. – Sakson yil oldin o‘tkazilgan Navoiy yubileyi xususida eshitgandik, ammo bu yerga kelib, ushbu tadbir qanchalik murakkab sharoitda o‘tkazilishi chinakam mardlik, Navoiyga, adabiyotga bo‘lgan beqiyos ehtirom namunasi bo‘lganini tushunib yetdik.
Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva ijrosida Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi.
Rustam Jabborov,
Toshkent-Sankt-Peterburg-Toshkent.