Navosiz ulusning navobaxshi... yoxud nega Navoiy qit’alar aro insonlar qalbida hamon eslanadi?

Asran uzoq, qalban yaqin bu ulug‘ Inson so‘z dengizidan shunday javohirlar terib sochdikim, uning jozibasi qariyb olti asr davomida kishilar qalbini maftun etib, ularning ma’naviy dunyosini oziqlantirmoqda.

U o‘zining umrboqiy asarlari bilan erksevar xalqlarning ezgu umidlarini, orzularini, do‘stlik va tinchlik g‘oyalarini ifodalab, bashariyat yuragida zarhal harflar bilan abadiy nom qoldirdi.

Ellar va dillarni payvand etgan bu nurli siymo, buyuk o‘zbek xalqi va unga do‘st bo‘lgan barcha xalqlar madaniyatining yo‘liga porloq nur sochib turibdi. Shuning uchun ham asrlar osha barcha ellar bu elsevar va erksevar kuychi, navosiz ulusning navobaxshi bo‘lgan daho shoirni chin dildan ulug‘lab keladilar.

Alisher Navoiy ijodining gultoji sanalgan “Xamsa” dostonlarida tarbiyaga oid o‘lmas fikrlari, odamiylik, do‘stlik, tinchlik, ozodlik, adolat, yaxshilik, to‘g‘rilik, mehr-vafo, oqibat, sadoqat, imon, saxiylik, mardlik, Vatanni sevish, el-ulusni ardoqlash, ota-onani hurmatlash, ilmli bo‘lish kabi g‘oyalar aks etgan.

Ulug‘ shoir umuminsoniyat kuychisi, lekin u eng avvalo, o‘z elini, o‘z vatanini, xususan, mehnatkash hamdard, suyanchiq bo‘lgan jonkuyari O‘zbekni iftixor bilan tarannum etib:

Shohu toju xil’atekim, men tamosho qilgali,

O‘zbekim boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas...  deydi.

O‘zbek nomini ulug‘lab aytgan bu teran bayti:

“Men shohning toj va zarbof kiyimlarini tamosha qilishdan ko‘ra: boshida qalpog‘i (do‘ppi) va egnida shirdog‘i – yaktagi bor o‘zbegimni ko‘rsam bas (bo‘ldi), deydi.

Ko‘ryapsizmi? Ulug‘ shoir oddiy o‘zbekni shohlik, podsholikdan, tojdan, ustun hisoblaydi, oddiy ulus – o‘zbekni ona xalqini o‘ziga suyanchiq deb biladi.

Navoiyning asarlarida, xususan, “Chor devon”ida o‘zbek xalqining 50 dan ortiq urug‘ nomlari tilga olingan, o‘sha davrdagi o‘zbek urug‘larining ijtimoiy holati, siyosiy mavqei haqida ham batafsil ma’lumotlar yozilgan: Jumladan: qo‘ng‘irot, nayman, qiyot, barlos, jaloyir, bilgut, og‘ar, mang‘it, bayaut, yuz, ming, qirq, qongli, o‘zbek, qalmoq, mo‘g‘ul, qipchoq ... kabilar haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirgan. Shoir xalq orasida ko‘p bo‘lganligi uchun ko‘plab o‘zbek urug‘larining nomlarini yaxshi bilgan va ularning ko‘plari bilan suhbatda bo‘lgan. U qipchoq o‘zbeklarini alohida ehtirom bilan tilga olgan. Qipchoq o‘zbeklarining til xususiyatlarini mukammal bilgan “Muhokamatul lug‘atayin” asarining “Ikki til muhokamasi – muqoyasi”da o‘zbek tilining forsiy tildan kam emasligini, hatto o‘zbek tilining so‘z boyligi, rang-barangligi forsiy tildan ustunligini amalda isbotlagan. Shu jihatdan Navoiy o‘z ona tilining jonkuyari, bu tilni himoya qilishda jasur jangchi o‘zbek adabiy tilining asoschisi – bayroqdori edi.

Alisher Navoiy ijodi nihoyatda sermahsul. U nafaqat til, adabiyot, balki tarix, etnografiya, geografiya, siyosatshunoslik, ma’danshunoslik, lug‘atshunoslik, astronomiya, me’morchilik san’ati, muzikashunoslik, dostonchilik san’ati, insonshunoslik, odamiylik kabi sohalarning umumlashmasiga ega bo‘lgan favqulodda iste’dod egasi edi... Shoirning dunyoqarashi nihoyat darajada teran xususiyatga ega.

Bu borada shoirning “Saddi Iskandariy” dostonidagi yozgan tarixiy ma’lumotiga diqqatingizni jalb etmoqchiman.

Bilamizki, azalda bizning zamonamizda ham podsho, xalq lashkarlari qurama xalq, ya’ni turli-tuman urug‘-millatlardan tashkil etilgan. Hozir ham xuddi shunday turli yurt kishilari.

Bundan qariyb 3000 yil avval podshoh-sarkarda Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) va Eron shohi Doro bilan bo‘lgan katta jangda har ikki tomondan bir yarim millionga yaqin askar qatnashgan.

Ana shu jangda Iskandar tomonida turib urishganlar ham yer yuzining turli tomonlaridan yig‘ilgan turli elat, urug‘, qabila odamlari: yunon, arab, hind, xitoy, mang‘it, mo‘g‘ul, rus, dashti qipchoq o‘zbeklari, arman, gurji, cherkas, xabash... kabilar qatnashgan.

Navoiy katta urushda Doroga qarshi ko‘plab elat, urug‘, qabilalar bilan birga o‘zbeklar ham qatnashganligini aytadi.

Samarqanddin toki sarhaddi Chin,

Tarong‘ir anga xayli  mashriqdin

Yuz ellik ming ul sori qalmoq ham

Yana yuz ming o‘zbek, mo‘g‘ul, barlos ham.

Endi o‘zbek nomi haqida ozroq chekinish qilib bu qutlug‘ nom tarixini yozgan ko‘plab zahmatkash tarixchi, tilchi, atamashunos, etnonimshunos...lar O‘zbek nomini zo‘r-bazo‘r X-XI asrga taqab turibdi.

Bu holda “Saddi Iskandariydagi qariyb 3 ming yil oldingi urush jarayonida ishtirok etgan ajdodlarimiz bo‘lgan O‘zbeklar haqida qanday xulosaga kelasiz? O‘tmishdagi bo‘lgan bu jang tafsiloti tarixiy voqea. Unda qatnashgan elat, urug‘-xalqning nomi hozir ham rus, xitoy, arman, arab, mo‘g‘ul, mang‘it, qalmoq, o‘zbek, barlos, cherkas, hind, yunon, gurji, fors va boshqalar hozir ham o‘sha nom bilan yashab kelmoqda-ku. Nega endi biz o‘sha katta jangda ishtirok etgan, tarixiy dostonda Alisher Navoiyday buyuk daho ifodalab yozgan real haqiqatdan ko‘z yumishimiz kerak?

O‘zi aytganiday:

Turk nazmida chu men tortib alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam", ya’ni butun turkiy qavm-elatlarni qo‘shin tortmay qalam kuchi bilan birlashtirdim”, deb yozganida u naqadar haq edi. Endilikda nafaqat turkiy xalqlar, balki Yevropa, Amerika, Afrika, Osiyodagi barcha xalqlar ma’rifat istab – o‘z tillarida Navoiy ijodidan bahramand bo‘lmoqda.

Bu o‘zbekning faxri, o‘zbekning g‘ururi emasmi!

Xulosa qilib aytganda, elsevar, erksevar, navosiz ulusning navobaxshi Alisher Navoiy o‘zining nihoyasiz ikkinchi hayotini, uning barcha g‘oyalari ushalgan bir davrda ilg‘or bashariyatning faol zamondoshlariga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludiga 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulug‘ bobomiz Navoiy ruhini shod etib, yangi navoiyshunoslik sohasiga keng imkoniyatlar yaratadi.

Binobarin, ushbu qaror ijrosi ulug‘ shoir tavallud topgan 9 fevral sanasi atrofidagina amalga oshiriladigan tadbirlar majmuasi emas, balki yil davomida ijodi, u qoldirgan ulkan, boy meros

o‘rganiladigan, tadqiq etiladigan hujjat. Qolaversa, Navoiy qit’alar aro insonlar qalbida abadiy eslanadi, e’zozlanadi.

Mirzahamdam Boymurodov,

navoiyshunos–ziyoli.