Nega 536-yil hayot uchun eng yomon yil bo‘lgan?
O‘rta asr tadqiqotchisi Maykl Makkormikdan hayot uchun eng yomon yil qachon bo‘lgan deb so‘rasangiz, u ikkilanmay 536 yil deb javob beradi. Vabo Yevropa aholisining yarmini yo‘q qilgan 1349 yil emas, hatto grippdan 50 dan 100 milliongacha, ayniqsa, yoshlar vafot etgan 1918 yil ham emas. Aynan 536 yil.
- Yevropada inson hayotining eng yomon yillaridan biri bo‘lgan davr edi, - deydi Garvard universiteti qoshidagi «Inson o‘tmishi to‘g‘risidagi fan tashabbusi» yetakchisi, tarixchi va arxeolog Maykl Makkormik. - Sirli tuman 18 oy davomida Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoning ba’zi mintaqalarini o‘rab oldi. Vizantiyalik tarixchi Prokopiy Kesariyskiy bu haqda «Quyosh yil davomida o‘z nurlarini xuddi oy singari xira yoritib turardi». 536 yilning yozida harorat 1,5-2,5 darajaga tushib, eng sovuq o‘n yillikni boshlab berdi. O‘sha yozda Xitoyda qor yog‘di, hosil nobud bo‘lib, odamlar och qola boshladi. Irlandiya solnomalarida 536 yildan 539 yilgacha non yetishmasligi to‘g‘risida xabar berilgan. So‘ngra 540-541 yillarda Rim porti Misrdagi Peluziy shahrida bubon vabosi kasalligi tarqaldi. U «Yustinian vabosi» deb nomlangan va juda tez tarqalib, Vizantiya imperiyasi aholisining uchdan bir qismini yo‘q qilib, imperiyaning qulashini tezlashtirgan.
Oltinchi asrning o‘rtalari o‘rta asrlar davridagi qayg‘uli davr bo‘lgani tarixchilarga ayon. Lekin ularni bir yarim yil davomida osmonni qoplagan sirli bulutlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan narsalar tashvishga solardi.
Yaqinda Makkormik va Men shtati universiteti iqlim o‘zgarishi instituti vakili Pol Mayevski boshchiligidagi olimlar Orono shahrida Shveysariya muzliklaridan muzning o‘ta aniq tahlilini o‘tkazib, aybdorni aniqlashdi. Ushbu haftada o‘tkazilgan seminarda so‘zga chiqqan tadqiqot ishtirokchilari 536 yil boshida Islandiyada shiddatli vulqon otilishi tufayli uning kukuni Shimoliy yarim sharning har tomoniga sochilib ketgani aniqlanganligini bildirishdi. 540 va 547 yillarda ikkita yangi kuchli otilishlar yuz bergan. Ushbu tabiiy ofatlardan so‘ng Yevropaga vabo kelib, qit’ani iqtisodiy turg‘unlik holatiga keltirdi va bu 640 yilgacha davom etgan. Shu bilan bir vaqtda yana bir signal Shveysariya muzliklarida qo‘rg‘oshin miqdori ko‘payishi sababli faol ravishda kumush qazib olinganligini ko‘rsatdi.
O‘rganishlar 1990 yildan beri o‘tkazib kelinib, daraxtlarning yillik halqasi (qatlami) taxminan 536-540 yillardagi yoz fasli nihoyatda sovuq bo‘lganini ko‘rsatdi. Olimlar ushbu sovuqlik sabablarini izlashga kirishishdi. Uch yil oldin Grenlandiya va Antarktidadan qutbli muzlarning chuqur qismi bu haqda ma’lumot berdi. Vulqon otilganda u oltingugurt, vismut va boshqa moddalarni atmosferaga otib tashlar ekan. U yerda ular muallaq zarralar qatlamini hosil qilib, quyosh nurini qaytaradi va sayyorani sovutadi. Olimlar bu holat har 2500 yilda qaytarilib turishini, 535 yil oxiri 536 boshida Shimoliy Amerikaning biron bir joyida portlash sodir bo‘lganligi mumkinligini taxmin qilishdi.
Qanday bo‘lmasin, 536 yildagi shamol va ob-havo shunaqa bo‘lganki, portlashdan chiqqan sudratma Yevropadan Janubiy-Sharqqa o‘tib, keyinchalik Osiyoga yetib borgan va o‘zidan keyin sovuqlikni qoldirgan.
Mayevski o‘zining ko‘p tarmoqli jamoasi bilan birgalikda Shveysariyaning Alp tog‘larida qalinligi 72 metr bo‘lgan muzlarni burg‘ulash natijasida Saxaradagi chang bo‘ronlari va Yevropadagi so‘nggi ikki ming yil davomida inson faoliyatining izlarini topishdi. Olimlar ushbu yo‘llarni yangi ultra yuqori aniqlikdagi texnologiya yordamida shifrlashdi. Ushbu texnologiya olimlarga bo‘ronlar, vulqonlar otilishi natijasida atmosferani qo‘rg‘oshin bilan ifloslanganini aniqlashga imkon berdi.
Muzliklardagi o‘rganishlar shundan dalolat berdiki, 1349-1353 yillarda “Yevropa vabosi” epidemiyasi davrida qo‘rg‘oshin havodan yo‘qoldi. Bu esa iqtisodiyotning to‘xtab qolishidan darak edi.
- Biz ekologik tadqiqotlarni tarixiy ma’lumotlar bilan taqqoslash imkoniga ega bo‘lib, yangi davrga chiqdik, - deydi Britaniyaning Nottingem universiteti xodimi, arxeolog Kristofer Lavlak. – Bu kelgusida ko‘plab muzliklar ortida yashiringan arxeologik yangiliklarni ochishda yordam beradi.
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.