Nega O‘zbekistonda koronavirusdan kasallanish ko‘paymoqda?
Ushbu masala yuzasidan AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva tushuntirish berdi:
«Bu savolga bir nechta javob bor:
1️⃣ Aholi orasida niqoblar taqilmay qo‘yilgani — bu infeksiyani odamdan odamga yuqish uchun juda qulay sharoit, ya’ni hozir kunlar issiq, xavo quruq — virusning havoda xarakatlanishiga to‘sqinlik yo‘q va u bemalol insonlarning yuz va qo‘l terisiga yoki ko‘z shilliq qavatiga, burundan nafas olamiz — havodagi virus burun shilliq qavvatiga yoki tomoqqa tushadi hamda hujayra ichiga kirib, kasallik chaqirishga imkoniyat qidiradi;
2️⃣ Qo‘llarni sovunlab yuvmay qo‘ydik yoki spirtli antiseptiklardan foydalanmay qo‘ydik — bu esa qo‘l terisiga tushgan virusning tozalanmasligiga, qo‘llar ko‘z, burun yo og‘izga tekkizilganda virus organizmga tushadi, natijada bu kasallik chaqirishni yanada kuchaytiradi;
3️⃣ Ijtimoiy masofani saqlamay qo‘ydik — ya’ni, juda ko‘p to‘y-hashamlar, tug‘ilgan kunlar va odamlar to‘planishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlarni ko‘paytirib yubormoqdamiz. Bu kabi ko‘ngilochar tadbirlarda:
● bir oila a’zolaridan tashqari bir necha oilalar va odamlar soni 30 dan ortib ketmoqda;
● tadbirlar yopiq joylarda, umumiy sig‘imdan 50 foizdan ortiq odamlar ishtiroki kuzatilmoqda, ya’ni agar 100 kishilik to‘yxonada tadbir bo‘lsa, talab bo‘yicha 50 kishidan ortmasligi kerak, lekin bugungi kunda to‘y-hashamlarda 100-150 tadan odam ishtirok etmoqda;
● bunday ko‘ngilochar tadbirlarga hech kim oldindan PZR-testini topshirmaydi va kelayotgan mehmonlardan test natijasi so‘ralmaydi;
● kelayotgan mehmonlarning tana harorati o‘lchanmaydi;
● niqoblar taqilmaydi va spirtli antiseptiklar bilan tez-tez qo‘llar ishlov berilmaydi.
Axir biz to‘y-hashamlarga ko‘ngil ochish uchun boramiz, unda ovqatlanish kerak, bunda uzoq davom etuvchi suhbatlar va muloqotlar bo‘ladi. Bularning hammasi — koronavirus tarqalishiga katta zamin yaratmoqda».