Nega yaqin qarindoshli nikohdan bola nosog‘lom tug‘ilishi mumkin?

Biz bugun yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar va ularning zararli tomonlari to‘g‘risida tibbiyot nuqtai nazaridan fikr bildirmoqchimiz.

Yaqin qarindoshlar deganda biz aka-uka, opa-singil, aka-singil, opa-uka, tog‘a-amaki, amma-xolalar qudachiliklarini tushunamiz. Bunday qudachilik 10-15 yil muqaddam ko‘p uchrardi. Hozir ancha kamaygan. Ammo Urgut, Samarqand tumanlarida uchrab turadi. Ayrimlar hozirgacha nikoh ham oilani, ham qarindoshlikni mustahkamlaydi, degan tushuncha bilan yuribdi.

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oqibatlari to‘g‘risida Imom Fazzoliy o‘zining "Ihyou Ulum ad-din" kitobida Payg‘ambar alayhissalomdan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: "Yaqin qarindoshlarga uylanmangizlar, farzand nimjon bo‘lib dunyoga kelishi mumkin". Shuning uchun ham yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh oqibatida farzandlar nimjon va zaif tug‘ilishi ko‘proq kuzatilgan."Irsiyat yetti pusht suradi", degan gap bekorga aytilmagan. Qiz berganda yoki o‘g‘il uylantirganda yetti pushtini surishtirish ham shundan kelib chiqqan bo‘lsa, ajab emas.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qarindosh bo‘lmagan oilalarda tug‘ilayotgan har mingta go‘dakdan ikkitasi nogiron bo‘lib dunyoga kelsa, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalar majruhligi ikki-uch barobar ko‘p ekan.

Mamlakatimizda har yili 0,5-1,5 foizgacha bolalar har xil tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘iladi. Aytish lozimki, tug‘ma nuqsonlarning paydo bo‘lishi ko‘p faktorli jarayon hisoblanadi (homilaning shakllanishiga bir nechta sabab ta’sir qilishi mumkin), ammo bu sabablarning orasida yaqin qarindoshlik nikoh eng asosiy sababdir.

Nega yaqin qarindoshli nikohdan bola nosog‘lom bo‘lib tug‘ilishi mumkin?

Qarindoshlarda genlar o‘zaro o‘xshash bo‘ladi. Bu genlarda bo‘lg‘usi bolaning har bir hujayrasi qanday tuzilishda bo‘lishi haqida ma’lumotlar saqlanadi. Agar bir-biridan juda uzoq, o‘xshash bo‘lmagan genlarda kasallik belgisi saqlansa ham ikkinchi gen undan ustun kelishi mumkin va kasallik yuzaga chiqmaydi. Yaqin qarindoshlarda esa mabodo kasallik tashuvchi genlar birlashsa, ularning ikkalasi ham belgining, ya’ni kasallik rivojlanishini ta’minlaydi. Bu xavfli. Demoqchimanki, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh nuqsonli bola tug‘ilishi ehtimolligini juda oshiradi.

Yaqin qarindoshlarda retsessiv gen bir necha avlod davomida dominantlik qilmay yurishi (kasallik keltirmasligi) mumkin. Lekin, albatta, borib-borib genetik kasallikka olib kelishi mumkin. Shuning uchun ba’zi bir oilalarda "Hech narsa qilmaydi, mana falonchilar ham yaqin qarindosh, ular nikoh qurgan, lekin barcha bolalari sog‘lom", deyishga asos yo‘q. Keyinchalik, albatta, ma’lum nuqsonlar uchraydi.

Nuqsonli rivojlanishlar bilan tug‘ilgan bolalarni davolash bilan shug‘ullanganimiz uchun yosh oilada bola o‘lik tug‘ilishi mumkinligini yaxshi bilaman. Bu holat jamiyatning ham fojiasidir. Bizda juda ko‘p misollar, rasmlar bor, lekin oriyat, axloq nuqtai nazaridan ularni keltirmoqchi emasmiz.

Mamlakatimizda avlodimiz sog‘lom bo‘lishi uchun juda ko‘p ishlar qilinmoqda. Barcha viloyatlarda skrining markazlari, ularning filiallari tashkil qilingan. Bu markazlar bugungi kun talabiga javob beradigan darajada jihozlangan. Bu maskanlarda homilaning birlamchi bosqichlarida nuqsonli rivojlanishlarni aniqlash imkoniyati bor. Bundan tashqari, barcha nikohlanuvchilar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu ham ancha-muncha salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Bu imkoniyatlardan foydalansak, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni to‘xtatsak, albatta, avlodimiz sog‘lom bo‘lishiga erishamiz. Maktablarning yuqori sinflarida, kollejlarda, oliy o‘quv yurtlarida "Oila va nikoh" mavzusida darslar o‘tilishi lozim, deb hisoblayman.

Mamatqul AZIZOV,

viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi, tibbiyot fanlari doktori.