«Nexia-3» hamda «Spark» haydovchilariga chora ko‘rildi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda «Bu qanday tartibsizlik, bularga qanday jarimalar belgilanadi?» izohi bilan tarqatilgan video yuzasidan Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, yo‘lning qatnov qismida yo‘l harakati ishtirokchilarining hayotiga xavf solib, ularning erkin harakatlanishiga xalaqit beruvchi harakatlarni amalga oshirgan holda, keng muhokamalarga sababchi bo‘lgan «Nexia-3» hamda «Spark» rusumli avtomashinalar haydovchilariga qonuniy chora ko‘rilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holatni Qibray tumani Salar shahar fuqarolar yig‘inida yashovchi J.Hotamov sodir etgan. Unga nisbatan Toshkent viloyati IIBB YHXB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1285-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, EKIHning 10 barobari, ya’ni 2 million 230 ming so‘m jarima qo‘llanildi. Avtomashina hozirda vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yilgan.

Qolaversa, ushbu haydovchi joriy yil davomida 15 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgan. O‘tgan davr mobaynida tezlikni oshirishi oqibatida 4 marotaba fotoradarlarga tushib, 60 kun muddat ichida belgilangan jarimalarni to‘lamasdan yurganligi ham ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, videotasvirdagi «Spark» rusumli avtomobilga ham tegishli chora ko‘rilgan. Holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, qaror qabul qilinishi uchun Toshkent shahar IIBB YHXBga yuborilgan.