Nigina O‘ktamova Osiyo o‘yinlarida bronza medalini oldi, endigi maqsadi - 2024 yilgi yozgi olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritish

Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida yuksak mahorat va jasorat ko‘rsatib, 71 ta medalga sazovor bo‘lgan sportchilarimiz kecha yurtimizga qaytib keldi. Ular orasida ishtixonlik bokschi Nigina O‘ktamova ham bor. Uyiga kelishidan avval biz Ishtixonda bo‘lib, uning ota-onasi va ustozlari bilan suhbatlashdik.

Ishtixon tumanida 500 ga yaqin sport inshooti mavjud. Shundan bittasi sport maktabi bo‘lib, unda 56 nafar trener-o‘qituvchi 20 sport turi bo‘yicha 1476 nafar o‘g‘il-qizga mashg‘ulot o‘tmoqda. Sportchilarning 40 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi va joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston, Osiyo, jahon va xalqaro chempionatlarda 951 ta (284 ta oltin, 290 ta kumush, 327 ta bronza) medal qo‘lga kiritilgan.

Tumanda boksni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, terma jamoaning asosiy va zaxira tarkibidan tuman sport maktabining 20 nafarga yaqin tarbiyalanuvchisi o‘rin olgan. Yurtimizda boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida ilk bor jahon chempionligini aynan ishtixonlik sportchi Nigina O‘ktamova qo‘lga kiritgan. U shu yilning 23 sentyabr - 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ham bronza medalini qo‘lga kiritdi va bu natija bilan 2024 yilda Parij shahrida o‘tkaziladigan o‘ttiz uchinchi yozgi olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Nigina 2003 yilda Ishtixon tumanining Chinortepa mahallasida tug‘ilgan. Ishtixon sport maktabi tarbiyalanuvchisi. Faoliyati davomida O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lgan. 2021 yilda “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” deb e’tirof etilgan va shu yili davlatimiz rahbari tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

- Oilada ikki nafar qizimiz bor, - deydi Niginaning onasi Laylo Saidova. – Nigina yoshligidan shijoatli, qo‘rqmas edi. Rasm va eskizlar chizishga qiziqardi. To‘g‘risi, biroz urishqoqligi uchun otasi bilan kelishib, dastlab karate to‘garagiga bergandik. Ikki yilga yaqin ushbu sport turi bilan shug‘ullangandan so‘ng mashg‘ulotlarga borishni istamadi. Tog‘asi boks zaliga olib borib, qiziqtirgandan keyin shu sport to‘garagiga berdik.

Keyinchalik o‘zining mehnati, shijoati bilan musobaqalarga chiqdi, terma jamoaga qabul qilindi. Osiyo chempioni, O‘zbekiston tarixida ilk jahon chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘ldi. Ayniqsa, ilk marta “qizil burchak, Nigina O‘ktamova - O‘zbekiston chempioni!” deb e’lon qilinganda barchamiz quvongandik. Qizimning har bir jangini his-hayajon bilan kuzatib boraman.

- Qizlarimizni erka emas, aksincha o‘g‘il bolalar kabi qo‘rqmas, jasur qilib tarbiyalaganmiz, - deydi Niginaning otasi Jasur Saidov. – Ammo qizimning janglarini hozirgacha ko‘rolmayman. Rosti, men uchun bu juda og‘ir va qiyin. Qizim, “Dada, chempion bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘taraman, sizga mashina, uy sovg‘a qilaman”, derdi. Allohga shukr, niyatiga yetdi, chempion bo‘lib, bizning, ustozlarining ishonchini oqladi. Yaqinda Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ham bronza medalini qo‘lga kiritdi. Asosiysi, ushbu natija orqali Parijda o‘tkaziladigan olimpiadaga yo‘llanma oldi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionlari, xalqaro turnirlar g‘oliblari ishtixonlik Nigina O‘ktamova, Gulsevar G‘aniyeva, Sanobar Bozorboyeva, Ruhshona Shakarova, Baxtiyor Yaxshiboyev kabi sportchilarning muvaffaqiyati Ishtixon tumani sport maktabi boks murabbiyi Azim Xudoyqulov nomi bilan bog‘liq.

- O‘n yildan buyon boks bilan shug‘ullanaman, trenerlik faoliyatimni boshlaganimga besh yil bo‘ldi, - deydi Azim Xudoyqulov. - 100 nafardan ortiq shogirdlarim bor.  Ular orasida 10 nafar O‘zbekiston chempioni, 6 nafar Osiyo va jahon chempioni hamda xalqaro turnirlar ishtirokchisi va sovrindorlari yetishib chiqqan. Shogirdlarim orasida Nigina O‘ktamova o‘ziga ishonchi, shijoati, mashg‘ulotlarda astoydil harakat qilishi va har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishi bilan ajralib turadi.

U 2018 yil sport maktabimizga kelgan va shundan buyon unga trenerlik qilaman. Shu yili O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgach, terma jamoaga qabul qilindi. 2019 yil Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2021 yilda esa Polshada yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida ham zafar qozonib, mamlakatimiz tarixida ilk jahon chempioni bo‘lgan bokschi qizga aylandi.

Keyinchalik Nigina qit’a birinchiligi, nufuzli xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindorlari qatoridan joy oldi. Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kiritib, asosiy maqsadi – olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Endi 2024 yil Parijda bo‘lib o‘tadigan o‘ttiz uchinchi yozgi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytiramiz va olimpiada chempionligini qo‘lga  kiritish uchun harakat qilamiz.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.