“Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?”: Prezident Toshkentda 3,5 mln. dollarga yer sotilganiga e’tibor qaratdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat mulki ob’yektlarini xususiylashtirish borasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda davlat rahbari yerlarning tadbirkorlarga auksion orqali sotish qoniqarsiz ekani va auksionlar orqali davlatga tushishi lozim bo‘lgan kam bo‘lgani holda millionlab dollarga noqonuniy yer sotilganiga to‘xtalib o‘tgan.
"Joylarda yerlarni auksionga chiqarish orqali joriy yilda bor-yo‘g‘i 400 milliard so‘m tushumni ta’minlash rejasi mutlaqo qoniqarsiz.
Birgina misol: Toshkent viloyatida 14 gektar yer uchastkasi 3,5 million dollarga noqonuniy yo‘llar bilan sotilgani hamma rahbarlarni o‘ylantirishi kerak. Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?
Tasavvur qiling, davlat qanchadan-qancha pullarni yo‘qotmoqda! Bu pulga qancha maktab, qancha bog‘cha va yo‘l qurish mumkin edi. Nega shuni hokimlar o‘ylamaydi?
Vaholanki, ushbu viloyatda o‘tgan yil davomida yer uchastkalarini sotishdan atigi 18 milliard so‘m mablag‘ tushgan. Bu bozor narxida nari borsa 5-10 gektar yerning narxi", degan Prezident yig‘ilishda.
Yig‘ilishda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi F.Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan e’lon qilindi.
Shuningdek, Davlat aktivlari agentligining Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlari boshqarma boshliqlari, transformatsiya va xususiylashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun “O‘zagroservis” jamiyati raisi R.Hayitov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.