Niqob muammo bo‘lmaydi
Keyingi kunlarda aholi o‘rtasida dorixonalarda niqob taqchilligi kuzatilayotgani, antiseptik vositalarning tugab ketganligi borasida ko‘plab fikrlar bildirilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ommaviy axborot vositalari xabarlaridan kuzatishimizcha, virus tarqalgan Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlarda ham niqob hamda antiseptik vositalar taqchilligi kuzatilmoqda.
Samarqandda bu masalada yaqin kunlarda o‘zgarish kutiladimi? Shu haqda «Samarqand dori-darmon» AJ boshqaruvi raisi Furqat Shermatovga murojaat qildik.
- Mamlakatimizda niqob ishlab chiqaruvchi 14 ta korxona faoliyat yuritib, ayni paytda ularning 7 tasi ishlamoqda, - dedi F.Shermatov. – Niqob ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xom ashyolardan biri Xitoy davlatidan keltiriladi. Shuning uchun uni ishlab chiqarish soni biroz kamaydi. Ammo tibbiyot muassasalariga, niqob zarur bo‘lgan tashkilotlarga u o‘z vaqtida yetkazilmoqda. Hukumat topshirig‘iga asosan, niqoblarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rildi. Yaqin bir-ikki kunda bu masalada muammo bo‘lmaydi.
Umuman, niqobni dokadan tikib olib, qo‘llash mumkinligi haqida doimiy ravishda nafaqat mahalliy, balki xorijlik mutaxassislar tomonidan fikrlar bildirilmoqda. Qolaversa, barcha dorixonalarda bo‘lmasa-da, ammo ba’zilarida niqoblar sotilmoqda.