NNTlarimiz ko‘p, ammo ular grant yutishda nega ortda qolmoqda?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida «Davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada kuchaytirish» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimligi, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi a’zolari, mahalliy davlat boshqaruvi va ijro organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.

- Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega, - deydi viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Mamatqulov. – Bugun viloyatimizda ijtimoiy sohalarning barcha qatlamini qamrab olgan 802 ta tashkilotning 541 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, nodavlat notijorat tashkilotlari soni bo‘yicha viloyatimiz respublikada yetakchi o‘rinda turadi. 132 ta tashkilot o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Tadbirda «Umid-D» diabetga va nogironlikning boshqa shakllariga chalingan insonlarga yordam ko‘rsatish xayriya markazi, «Hayot» nogironlarga yordam ko‘rsatish markazi, «Rahmdillik» jamiyati, «Zarafshon» nodavlat notijorat ekologik birlashmasi kabi bir qator tashkilotlar va siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari o‘z loyihalarini taqdim qildi.

Shuningdek, davra suhbatida viloyatimizdagi NNTlarning grant tanlovlaridagi yutuqlari kamligi har bir tashkilot yangi-yangi loyihalar ustida ishlashi, davlat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni yanada kuchaytirishi lozimligi ta’kidlandi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.