Noinsof “tadbirkor” fosh bo‘ldi

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarda asosiy e’tibor mahsulotlarning aholi uchun qulay narxlarda sotilishiga qaratilmoqda.

Biroq koronavirus tarqalishi tufayli yurtimizda e’lon qilingan karantindan o‘z maqsadi yo‘lida foydlanmoqchi bo‘lgan “tadbirkorlar” ham borligi achinarli holatdir. Ishtixonlik E.T. ham tuman dehqon bozorida tegishli hujjatsiz oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishdan aslo tap tortmadi.

Joriy yilning 17 mart kuni tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida “tadbirkor”ning noqonuniy xatti-harakati oshkor bo‘ldi. Natijada unga tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilib, qiymati 984 ming so‘mlik 7 xil turdagi mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Qayd etish lozimki, joylarda noinsof va noqonuniy faoliyatni o‘ziga kasb qilib olganlarga qarshi nazorat tadbirlari muntazam ravishda olib borilmoqda.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.