Tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan tadbirkor 155,4 million so‘m to‘laydigan bo‘ldi
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali ishchi guruhi Narpay tumanidagi huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda tuman aholisi va tadbirkorlarining tabiiy gazdan foydalanishda me’yoriy talablarga amal qilishlarini o‘rganish borasida tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida tumanning Muqimiy nomli mahallasi hududida joylashgan Ulug‘bek Umirovga tegishli ikkita ohak ishlab chiqarish pechida tabiiy gazdan foydalanish qoidalari buzilib, uning noqonuniy ravishda tarmoqqa ulanib olganligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli "Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 125-bandiga ko‘ra, iste’molchilar tomonidan gazlashtirish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirmasdan gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan taqdirda, ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan shaxslardan ruxsatsiz foydalanilgan gaz hajmlari qiymati gazdan foydalanish uskunasining sutkasiga 24 soatida to‘liq quvvat bilan ishlashi hisobidan kelib chiqqan holda undirilishi belgilangan.
U.Umirovga tegishli bo‘lgan qo‘lbola ohak ishlab chiqarish pechlarida 10 dona gaz gorelkasi o‘rnatilgan. Ushbu gorelkalar galma-gal pechlarga o‘rnatilib, ohak ishlab chiqarishga moslashtirilgan. Ohak ishlab chiqarish mavsumiy bo‘lganligi, mavsum esa yilning aprel-oktyabr oylari deb belgilanganligi, har bir gaz gorelkasining soatlik gaz sarfi 3,5 metr kubga tenglashtirilganda tadbirkor gaz ta’minot idorasiga 155 400 000 (bir yuz ellik besh million to‘rt yuz ming) so‘m to‘lab berishi lozim bo‘ladi.
Ishchi guruhi ushbu masalani ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun o‘rganilgan materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etdi.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.