Noqonuniy qarorga qo‘l qo‘ygan ham, hujjatlarni tayyorlagan ham birdek javob beradi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining ellik to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Uni Kengash raisi, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshqardi.
Sessiya ishida ishtirok etgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi qarori asosida Ombudsman faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, inson huquqlarini himoya qilishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritdi.
Diyor Husanov Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili etib tayinlangani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng deputatlar viloyat hokimining joriy yil 9 martdagi “Samarqand viloyati hokimligi boshqaruv apparati tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi hamda Zebiniso Rahmonovani viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlarni tasdiqladilar.
Shuningdek, bir qator tashkiliy masalalar ko‘rildi.
Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimotini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokamalar o‘tkazishga ruxsat berish, umumiy maydonining 60 foizida ko‘kalamzorlashtirish ob’yektlari mavjud bo‘lgan istirohat bog‘lari, parklar va tematik xiyobonlarga hamda ularni ishonchli boshqaruv va ijaraga olgan tadbirkorlarga nisbatan ushbu faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalariga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash haqidagi masalalar yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi. Joriy yilda viloyatdagi qishloq aholi punktlarida mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar)ni ta’mirlashning manzilli ro‘yxatlari tasdiqlandi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatimizda “Obod qishloq” va "Obod mahalla" dasturlari doirasida joriy yilda qishloq aholi punktlarida mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar)ni ta’mirlash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar uchun respublika byudjetidan 186 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratilgan, – dedi E.Turdimov. – Shahar va tumanlar hokimlarining, deputatlarning takliflariga asosan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan va tuman sessiyalarida ko‘rib chiqilgan.
Sessiyada viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev viloyat ma’muriy sudlarining 2021 yil davomida mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarini haqiqiy emas, deb topishi to‘g‘risidagi holatlar haqida axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyat ma’muriy sudlari tomonidan o‘tgan yili ko‘rib chiqilgan 1148 ta ma’muriy ishlarning 419 tasini hokim qarorlarini haqiqiy emas, deb topish bilan bog‘liq toifadagi ishlar tashkil qilgan. Shundan 114 ta ish bo‘yicha hokimlarning qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan.
- O‘tgan kuni Samarqand tumanidagi Qorasuv massivida bo‘lganimda shunga guvoh bo‘ldim, - dedi hokim. – Eni 36 metrlik yo‘l yoqasida bir fuqaro do‘kon qursa-da, hech kim indamagan. Keyin ikkinchisi, uchinchisi qurgan va yo‘l torayib ketgan. Do‘kon yoki boshqa qurilishlar hisobiga 52 nafar shaxs yo‘l chetini noqonuniy tarzda egallab olgan. Nega bunday qilding, desangiz, “qo‘shnim quruvdi, men ham qurdim”, deydi. Achinarlisi, ularga hokimiyat qaror chiqarib bergan. Bu qaysi kontur ekanligini hokim bilmasligi mumkin, ammo kadastr, arxitektor qayerga qaragan? Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan odam ham, hujjatlarni tayyorlagan shaxs ham birdek javobgar bo‘lishi kerak.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i I.Ismoilov viloyat aholisi va hududlarni sel, toshqin va ko‘chki hodisalari xavfi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar bo‘yicha hisobot berdi. Viloyatdagi daryo, kanal va soylarning muhofaza zonalariga noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olish, sel suvlarini o‘tkazuvchi kanal, soy va ariqlar, kollektorlarni o‘z vaqtida tozalash, aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish, tog‘ va tog‘oldi hududlardagi xavfli uchastkalarning fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalari belgilab olindi.
Shuningdek, sessiyada viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Sulaymonovning 2022 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Samarqand shahridagi “Geofizika” oqova suvlarni tozalash inshootida qo‘shimcha sutkasiga 3 ming/metr kub oqova suvlarni tozalashga mo‘ljallangan zamonaviy inshoot qurish ob’yektining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 25 dekabrdagi “Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun shahar va tumanlar kesimida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkalarini belgilash to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masalalar ham deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
Sessiya kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Kengashning qarorlari qabul qilindi.