Noqonuniy tarzda mamlakatimizga olib kirilgan 300 million so‘mlik uyali telefonlar olib qo‘yildi
Viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari va Samarqand shahar IIB xodimlari hamkorligida Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yurtimizga noqonuniy tarzda olib kirilgan uyali telefonlarning oldi-sotdisi bilan bog‘liq holat fosh etilgan. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar bermoqda.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, avtobus bekatida to‘xtab turgan “Neksiya-2” avtomashinasida oldindan kuzatuvga olingan shaxs 2 dona qora rangli sumkalar ichiga joylashtirilgan uyali telefon vositalarini sotish maqsadida sanab turganligi ma’lum bo‘lgan.
Sumkalar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, qiymati 300 mln. so‘mdan ortiq 21 turdagi 94 dona uyali telefonlar borligi aniqlangan hamda tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.