Noqonuniy tekshirish o‘tkazgan soliq inspektori jarima to‘ladi
Pandemiya sharoitida tadbirkorlar turli qiyinchiliklarga duch keldi, ayrimlarining faoliyati to‘xtab qoldi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatimizda 37019 korxona va tashkilot (dehqon va fermer xo‘jaliklarisiz) ro‘yxatga olingan bo‘lsa, shundan 94 foizi faoliyat ko‘rsatib, 6 foizi ishlamayotgan korxonalar tasnifiga o‘tkazilgan. Ularning muammolarini hal qilish yo‘li bilan faoliyatini tiklash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning bu boradagi farmonlari va respublika maxsus komissiyasining qarori asosida tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Vaqtincha faoliyati to‘xtatilgan korxonalarni qayta ishga tushirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashildi. Bu borada brifinglar tashkil etilib, targ‘ibot, tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Tadbirkorlarning barcha muammolari viloyat hokimi rahbarligida o‘z vaqtida yechilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Savdo-sanoat palatasi ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan yoki ular rivojlanishini cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi. Normativ-huquqiy hujjatlarning o‘z kuchini yo‘qotganlik to‘g‘risida takliflar, davlat bojisiz sudga da’vo arizasi kiritish, mansabdor shaxslarning qaror va ularning hujjatlariga shikoyat qilish va boshqa qator huquqlarga ega.
2019 yil 1 apreldan tekshiruvlar o‘tkazilishi ustidan nazorat Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshirilmoqda. Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanib, bunday tekshiruvlarni amalga oshirgan organlar va mansabdor shaxslarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan.
Joriy yilning 8 oyida tadbirkorlik sub’yektlarida tahlil va tekshirish o‘tkazgan mansabdor shaxslardan 18 nafari sud qarori bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Xususan, Toyloq tuman ma’muriy sudining 2020 yil 12 iyuldagi qarori bilan Urgut tuman davlat soliq inspeksiyasi bo‘lim bosh inspektori A.Xushvaqtov Urgut tumani “Mirzabog‘lon savdo servis” oilaviy korxonasida tekshirish o‘tkazganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida jarima undirilgan. O‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlariga qaramasdan, afsuski, bunday qoidabuzarliklar hamon uchrab turibdi.
Tadbirkorlarimiz noqonuniy tekshirishlar va huquqbuzarliklarga duch kelsa, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasining 1194 yoki (78) 210-11-01 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishlari mumkin.
Egamberdi Ro‘ziyev,
Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.