Murojaatlar sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazishga asos bo‘ladi
Shu kunlarda sayyor soliq tekshiruvi nima, u qay tartibda amalga oshiriladi, kabi savollar tez-tez berilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilar (soliq agentlari)ni aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bilan soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu hujjatda sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi belgilangan. Jumladan, sayyor soliq tekshiruvi soliq organlari tomonidan soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash sohasida soliq to‘lovchilarning ayrim majburiyatlarini, shuningdek, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarish bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvdir. Sayyor soliq tekshiruvida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi (Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish bundan mustasno).
Soliq to‘lovchilarda o‘tkazilgan tekshiruv natijalari soliq organlari tomonidan tekshiruv tugatilganidan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
Soliq xavfini boshqarish tizimi orqali aniqlangan, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish xavfi mavjudligi, jismoniy yoki yuridik shaxslarning soliq yoxud valyuta to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari bo‘yicha murojaatlari sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazishga asos bo‘ladi.
Musurmon Mamadiyorov,
viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi.