Noqonuniy tonirovka uchun 5 million so‘m jarima
Ko‘pchilikning xabari bo‘ldimi yoki yo‘q 2 kun oldin kuchga kirgan qonunga binoan, maxsus ruxsatnomasiz mashinasi oynalarini tonirovka qilgan hamda haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan (masalan, orqa yon oynalarga pardalar) bo‘lsa, jarima jazosi EKIH 25 barobari (5 mln so‘m) etib belgilandi, deb yozmoqda Xushnudbek.uz.
Ilgari ushbu ish uchun jarima miqdori atigi EKIH 1 barobari (202 730 so‘m) edi. Demak, jarima 25 barobarga oshirildi.
Xuddi shu qoidabuzarlik ma’muriy chora qo‘llanilgandan so‘ng bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori EKIH 40 barobari (8,1 mln so‘m) etib belgilandi. Avval 2 “minimalka” (405 ming so‘m) edi.
Bunday jarima to‘lamaslik uchun maxsus ruxsatnoma asosida orqa oynani 95 foizgacha, orqa yon tomon oynalarini 70 foizgacha qoraytirishingiz mumkin, lekin buning uchun jismoniy shaxslar EKIH 90 barobari (18,2 mln so‘m), yuridik shaxslar uchun 120 barobar (24,3 mln so‘m) to‘lashi kerak. Va bu to‘lov faqat 1 yil uchun. Keyingi yil uchun yana shuncha to‘lov qilish lozim bo‘ladi.
Qonunchilikda yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun bunaqa katta jarimalar uncha ko‘p emas. Keling ularni ko‘rib chiqamiz:
25 barobar miqdorida (5 mln so‘m):
- 1 yilda 3 martadan ko‘p belgilangandan 20 km/s tezlikni oshirsa;
- 1 yilda 2 martadan ko‘p belgilangandan 20-40 km/s tezlikni oshirsa;
- 1 yilda takroran belgilangandan 40 km/s dan ortiq tezlikda yursa;
- alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda mashina boshqarish;
- mast shaxsga mashina boshqarishni topshirish;
- oynalarni beruxsat tonirovka qilish yoki yon oynalarga parda o‘rnatish.
30 barobar miqdorida (6 mln so‘m):
- transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsning mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi;
- yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi.
40 barobar miqdorida (8,1 mln so‘m):
- transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsning mast holda mashina haydashi;
- 1 yil ichida takroran oynalarni beruxsat tonirovka qilish yoki yon oynalarga parda o‘rnatish.
Ortiqcha izoh bermoqchi emasman, qoidabuzarliklarning xavflilik darajasini solishtiringda, o‘zingiz uchun xulosa qilib olavering.
P.S.: Kunduzi chiroq yoqib yurish qoidasi bizning sharoitga to‘g‘ri kelmasligi haqida gap ketganda quyoshli yurt ekanligimiz, ayniqsa, yoz oyida kuchli jazirama bo‘lishi alohida ta’kidlanmoqda.
Lekin ko‘pchilik jazirama issiqda mashina salonini issiqdan himoya qilmoqchi bo‘lgan haydovchilar nima qilsin, 5 mln so‘m jarima to‘lasinmi yoki 18 mln so‘mga 1 yillik huquqni sotib olsinmi, demayapti.
Ijtimoiy tarmoqlarda kunduzi chirog‘ini yoqmaganligi uchun 101 ming so‘m jarimani “otning kallasiday” deb baholashyapti, unaqada orqa yon tomoniga chiy parda yoki darparda o‘rnatganlarga 5 mln so‘m jarimani nimaning kallasiga o‘xshatsa bo‘ladi? Kit yoki filnikigami?
Deputatlar bu haqida ham TVda gapirisharmikin, shunchaki qiziq...