Noshukr bo‘lmang, opajon!

Qo‘shni uyda yashovchi bu ayolni yaxshi taniyman. Duppa-durust oilasi bor. Mahallada ishlab pensiyaga chiqqan, lekin qayerga bormasin, kim bilan suhbatlashmasin, doimo hayotdan, turmushidan noliydi. Arzimagan narsalarni bahona qiladi. Shu sababli keyingi paytlarda hamsoyalar ham undan qochadigan bo‘lishgan.

Amerikada yashovchi qizi yangi telefon yuborgan, ermagi shu. Ijtimoiy tarmoqdagi fisq-u fasodlarni aytib, boshingizni qotiradi. Ayrimlar "alamzada bir kimsaning ohu dodi bilan hayot yomon bo‘lib qolmaydi" desa-da, lekin Nusrat opa o‘z bilganidan qolmaydi. Yo o‘zini boshqalardan bilimli, aqlli ko‘rsatmoqchi bo‘ladimi, bilmadim, hatto biz kechagina televizorda ko‘rib, asl mohiyatini anglagan voqeani ham butunlay boshqa nuqtai nazarda aytishdan charchamaydi.

Xullas, bugun uyim oldidagi o‘rindiqda dam olib o‘tirsam, ana shu yoqimsiz ayol kelib qoldi. Qochib ketishning iloji yo‘q, avvaliga gaplariga sabr bilan biroz quloq tutdim: yana o‘sha nolish, yana o‘sha gap...

Toqatim tugab, suhbatdoshimni savolga tutdim:

- Opa, farzandlar uyli-joylimi?

- Xudoga shukr, ikki qizim maktabda ishlaydi, bir o‘g‘lim oilasi bilan Amerikada, yana bittasi loyihachi. Hammasi uyli-joyli. Bitta nevaram uyda bizga qarashib turadi, kollejda o‘qiydi.

 - Xo‘jayiningiz nima ish qiladi?

- Elektr korxonasida. Bu yil pensiya rasmiylashtirdi, lekin ishlayapti, zo‘r mutaxassisda.

 - Sizga, oilangizga havasim keldi.

 - Rahmat, singlim. Ha, aytganday, bolalarim yordamida erim bilan o‘nta mamlakatga sayohatga borib keldik, Amerikaga ham.

 - O‘h-hu, jahongashta ekansizu, opajon. Hayotingizga ko‘z tegmasin...

 Ochig‘i, shu yerga kelganda o‘zimni ushlab turolmadim. Turmushi havas qilarli bo‘lsa-da, tag‘in noligani nimasi?! O‘zi nimadan norozi bu ayol?

 - Shunchalik yaxshi yashayotgan ekansiz, zamonadan yana nega noliysiz?

 - Men nolimayapman, singlim, faoliyatimizdagi kamchiligimizni aytyapman, xolos.

 - Tushunmadim, qanaqa kamchilik? Mana, atrofimizni obodonchilik xodimlari top-toza qilib qo‘yishgan bo‘lsa, davlat xizmatlari hamma murojaatimizni bepul hal qilib bersa, idorama-idora yurib ovora bo‘lmasak, birinchi qavatda do‘konlar ishlab tursa...

- Kecha yutubda ko‘rdim, hokimiyat bir fermerning yerini olib qo‘yibdi. Yana bir ayolning bolasi bilan ko‘chada qolganini ko‘rsatishdi. Anavi qo‘shnimiz Anvarga qarang, har kuni mashina almashtiradi, qayerdan olyapti buncha pulni?

Suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, opa pedkollejni bitirgan, mahallada kotiba bo‘lib ishlab, pensiyaga chiqqan. Bu yaqin orada gazeta, kitob o‘qimagan, hatto televizorda axborotlarni ham kuzatmagan. Ammo ovsinlar, sinfdoshlar, dugonalar "gap"idan qolmagan. Hatto bozorga bormagan. Xullas, jamiyatda bo‘layotgan yangiliklardan xabardor emas. Shu sababli o‘zimda bor va o‘zim bilgan ma’lumotlar asosida jamiyatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni quvvai-hofizam darajasida tushuntirib berdim. Opa har bir xulosamdan keyin "Yo‘g‘-yey, men bilmabman" yoki "Qarang-a, xabarim yo‘q ekan" deb qo‘yadi. Keyin uning aniq iddaosiga ham javob berdim.

- Fermerning yeri tortib olinmagan, bu voqeani men ham ko‘rdim. O‘sha fermer ishni tashkil eta olmagan, yerning umrini foydasiz o‘tkazgan, shuning uchun yonidagi ilg‘or, uddaburon fermerga qo‘shilgan. Ammo ikki fermer o‘rtasida chiqqan arzimagan gap butun elga oshkor etilgan. Ko‘chada bolasi bilan qolgan ayol masalasida ham adashyapsiz, chunki uning uyi bor, faqat qaynopasi bilan munosabati yomon bo‘lgani uchun uyiga bormayapti, hokimiyatdan alohida uy so‘rayapti. Agar kelishmay qolgan hamma oila a’zolariga alohida uy berilaversa, unda oila nima bo‘ladi, opajon? Qo‘shnimiz esa daryo bo‘yida tosh maydalagich korxona ochgan. Daromadi yaxshi, negaki qurilish hajmi ortyapti. Mahallamizdagi bolalar sport maydonchasini ham u o‘z mablag‘iga qilib berdi. Pul uniki, agar imkoni bo‘lsa, bilgan mashinasini minsin, to‘g‘rimi?

Aytganday, opajon, mahallamizdagi do‘kon egasi va sartaroshga ham o‘rinsiz e’tirozlar bildirayotgan ekansiz. Ular xususiy tadbirkor, ishiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q, shuni bilasizmi?

Opaning past tushganini sezdim. Ayrim holatlarda nohaqligini tan oldi ham. Men ham sal yumshadim.

- Endi opajon, bu yoshda shukrni o‘rganing, birovning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring.

- Mayli, singlim, uzr, sizni ham bezovta qildim...

Iliqqina xayrlashdik.

Kechga borib o‘sha ayol telefon qilib qoldi:

- Singlim, agar vaqtingiz bo‘lsa, biznikiga keling, gaplashamiz, menga suhbatingiz ma’qul keldi, ko‘p narsani bilib oldim. Agar oldinroq aytsangiz, o‘z qo‘lim bilan mastava qilib qo‘yaman.

 Yengil tortdim. Ochig‘i, bu yaqinda bu qadarlik halovat sezmagandim.

Narzitosh Yusupova,

Samarqand shahri.