“Nou-xau” “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan joy oldi
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning yangi tahririga jamiyatda yuz bergan o‘zgarishlar natijasida iste’molga kirib kelgan yuzlab yangi so‘z va atamalar kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.
“Masalan, broker, depozit, diler, konsalting, lizing, menejer, menejment, monitoring, nou-xau, sanatsiya, xolding, displey, internet, monitor, printer, sayt, skaner, fayl singari bir qancha yangi so‘zlar shular jumlasiga kiradi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan 2006—2008 yillarda 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratilgan va nashr etilgan. Yangi lug‘at mazkur nashrning to‘ldirilgan yangi tahriridir va uch ming nusxada chop etilgan.
“Ushbu lug‘atga 80 mingga yaqin o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalari, fan, san’at, madaniyat va texnika sohalariga oid terminlar, shevalarda qo‘llanadigan so‘zlar, tarixiy atamalar jamlangan”, deyiladi xabarda.