Nurmat OTABEKOV: Koronavirus aniqlangan bemorlar aholi orasida bo‘lmagan
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning O‘zAga ma’lum qilishicha, koronavirus aniqlangan bemorlar aholi orasida bo‘lmagan, ular ilk kunlardanoq karantinga olingan.
– 2020 yil 19 mart ertalab 9:00 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan ro‘yxatga olinganlar soni O‘zbekiston Respublikasida 23 nafarga yetdi. Albatta, bu raqam kechagiga nisbatan bir muncha farq qilgani uchun odamlarni o‘ylantirishi mumkin. Lekin bir jihatni aytib o‘tish kerak: bu fuqarolar Fransiya, London, Dubay va Turkiyadan kelgan bemorlarimiz atrofidagilarni tekshirish natijasida aniqlangan. Ularning barchasi dastlabki kunlardan boshlab alohidalangan va tibbiy kuzatuv ostiga olingan. Shuning uchun bu keng aholi qatlamiga tarqalgan degan xavotirga asos yo‘q. Bu doim epidemiyaga qarshi tadbirlar qatorida amalga oshiriladigan bir tizim.
Kecha Prezidentimiz xalqimizga murojaat qildi. Bunday kunlarda birov manfaat ko‘rishi, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishi kerak emas. Eng asosiysi, hamma sohada jipslashgan holda epidemik barqaror muhitga erishishimiz kerak, degan fikrlarni aytdi.
Bunday tadbirlar hukumatimiz, sog‘liqni saqlash tizimi va barcha tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan. Jiddiy muammo va xavotirga o‘rin yo‘q.
Bugunga qadar 9 ming 100 dan ko‘proq odamni nazorat ostiga oldik. 6 mingdan ko‘proq yurtdoshimizning salomatligi kafolatlangani uchun uyiga javob berildi. Hozirgi kunda 2 ming 300 fuqaro karantin muddatini o‘tayapti. Davlat chegaralari yopilgan. Temir yo‘l, avtomobil transportlari harakati chegaralangan. Shu bilan birgalikda xorijiy mamlakatlardagi hamyurtlarimizni olib kelish tadbirlari davom etmoqda.
Uyushgan holda kelgan xalqimiz uchun alohida statsionar sharoitda, yakka tartibda kelganlar uchun uy sharoitida karantin tadbirlari tatbiq etilayapti. Eng asosiysi, bu kasallik uchun tashxis qo‘yish imkoniyati bo‘lgan diagnostikumlar, himoya va dezinfeksiya vositalari, hatto shifo o‘rinlari zaxirasi yaratilgan. Biz hech qanday qiyinchiliksiz bu muammoni yechishga qodirmiz, - deydi Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov.