Nurobodda mahalliy byudjetdan ajratilgan 11 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga xo‘jaliklararo ichki yo‘llar ta’mirlandi

Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan joriy yilda 5,991 kilometr xo‘jaliklararo ichki yo‘llar qurilishi belgilangan. Bu ishlar mahalliy byudjetdan 11 milliard 72 million 593 ming so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirilgan.

Ta’kidlash lozimki, xo‘jaliklararo ichki yo‘llarni qurishda birinchi navbatda, og‘ir sharoitda bo‘lgan, ijtimoiy va iqtisodiy ob’yektlarga eltuvchi yo‘llarga e’tibor qaratildi.
Xususan, Mehnatkash mahallasidagi Qizilkarvon qishlog‘ining 541 metr tuproq yo‘liga 50 million 397 ming so‘m mablag‘ sarflanib, shag‘al qoplamasi to‘kildi. Jom mahallasining Dukur qishlog‘ida 24-maktabga eltuvchi ko‘chaning 619 metr qismiga 86 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga shag‘al yotqizildi. Sharq Yulduzi mahallasining Usmon Nosir ko‘chasidagi qariyb 1 kilometrlik tuproq yo‘l, Qo‘rg‘oncha mahallasining Ostonabobo qishlog‘idagi xuddi shunday masofadagi yo‘l shag‘al bilan qoplandi. Oltinsoy mahallasi Uzku qishlog‘ida ham 0,5 kilometr ichki yo‘lga shag‘al to‘shalgach, yozda chang, qishda loy bo‘lishiga barham berildi.

Bundan tashqari, Nurobod shahri Mustaqillik ko‘chasiga qiymati 235 million so‘mlik, ushbu ko‘chasining boshqa qismiga 132 million so‘mlik asfalt qoplamasi yotqizildi. Yaqinda Amur Temur ko‘chasining 870 metr qismi asfalt qilindi.

Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati.