Nurobodda qo‘lda gilam to‘qish markazi ochiladi

Bolaligimizda har yoz buvimlarnikiga dam olishga borardik. Esimda, qishi bilan jundan ip yigirib kalava qilgan buvim yoz kelishi bilan ularga turli ranglarni berib, katta yong‘oq tagida o‘rmak qurardi. Rangli iplarni kamalak misol terib chiqqach, shirin bo‘g‘irsoqlar bilan biz, bolalarni siylar va gilam to‘qishni boshlardi. Sovuq tushguncha 4-5 gilamni kelinlari va qo‘shni ayollar yordamida to‘qib bitkazardi.

Hozirgacha bu gilamlarni avaylab ishlataman. Chunki ular o‘zining tabiiyligi, qishda issiq, yozda salqin saqlashi bilan sintetik gilamlardan farq qiladi.

Afsuski, bugun Bulung‘urda qo‘lda gilam to‘qiydigan oilalarni deyarli uchratmaysiz. Bunga avvalo, chorvador oilalarning kamayib ketgani sabab bo‘lsa, boshqa tarafdan zamonaviy gilamlarning ko‘payib ketganidir. Bugun keng adirlardan iborat, chorvachilik rivojlangan Nurobod va Qo‘shrabotning ayrim chekka hududlarida gilamchilik an’analari saqlanib qolgan. Ammo bugun chet ellik sayyohlar milliy mahsulotlarimizga, jumladan, tabiiy jundan to‘qilgan gilam, poyandozlarimizga e’tibor bermoqda.

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 26 iyun kuni qabul qilingan “Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida qo‘lda gilam to‘qishni rivojlantirish, gilam to‘qiydigan hunarmandlarga subsidiyalar ajratish, jun mahsulotlarini olishda naslli qo‘y-echkilarni ko‘paytirish, yaylovlarni kengaytirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilandi. Qaror gilamchilikni yanada rivojlantirish orqali qishloq joylarda ayollarning bandligini ta’minlash, ro‘zg‘orini obod qilishga qaratilgani bilan ham e’tiborli.

- Momomlar va onamlar gilam to‘qib ro‘zg‘or tebratishgan, - deydi Nurobod tumani Olg‘a qishlog‘ida yashovchi Xosiyat Jo‘rayeva. - Deyarli aksariyat oilalarda gilam to‘qish dastgohlarini uchratish mumkin edi. Kimdir bu hunar orqali oila tebratsa, kimdir ro‘zg‘orida foydalangan. Qizlar o‘z sepini o‘zlari to‘qigan gilam va poyandozlar bilan bezagan. Bugun ham tumanimizda bu an’ana saqlanib qolgan. Buvim to‘qigan qoqma gilamlarni takomillashtirib, olti kishi birdan to‘qiydigan dastgohlarni qurganmiz. Gilamning daraxtcha, chinaqay, taroqcha, yetti takcha, atlas nuxsalari xaridorgir. Ayniqsa, chinaqay gilamlarimizga e’tibor katta. Bu gilamimiz mayda katakchalardan iborat bo‘lib, to‘qish biroz qiyinroq. Lekin o‘ziga xos jimjimador. Bitta 4 metrga 2 metr chinaqay gilam to‘qish uchun taxminan 20 kilo qora, jigar, oq rangli jun, buyoqlar sarflanadi. Junning kilosi ham keyingi paytlarda qimmatlashgan. Oq jun 35 ming so‘m turadi. 6 kishi 5-6 kunda to‘qiydi. Ushbu gilamlarga o‘rtacha 700 ming harajat qilamiz, 1200000  so‘m atrofida sotamiz. Ma’lum vaqt bu gilamlarga ehtiyoj pasaydi. Ketgan xarajatingizga ham oladigan xaridorlar yo‘q edi. Ammo shunaqa qiyin vaziyatda ham hunarimni tashlab qo‘ymadim. Yaqinda bankdan 20 million imtiyozli kredit olib, to‘quv dastgohlari, jun va buyoqlar sotib oldim. Shu bilan birga 6 nafar mahallamizdagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minladim. Ham hunar o‘rganayapti, ham ro‘zg‘ori obod bo‘lyapti.

Nurobodda gilamchilik bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlar  ko‘pchilikni tashkil etadi. Bunga bu yerdagi muhit sabab desak, boshqa tarafdan ayollarining qon-qoniga singib ketgan momolarining kasb-hunari.

- Tumanimizda 7 nafar ustoz gilamchilarimiz bor. Ularga 30 nafar yoshlar shogird tushib, kasb sirlarini o‘rganmoqda, - deydi “Hunarmandlar” uyushmasi Nurobod tumani bo‘limi rahbari Gulshan Mirzayeva. – Kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 7 nafar ayollarimiz gilamchilik hunarini o‘rganish istagini bildirgan. Tim, Arab ota, Jom kabi qishloqlarimizda gilamchilik an’analari rivojlanib, bugun o‘z xaridorlariga ega. Hatto chet ellik sayyohlarning ham e’tiboriga tushgan. Yaqinda hunarmandlarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida tuman “Hunarmandlar” uyushmasi qoshida “Qo‘lda gilam to‘qish markazi”ni tashkil etmoqchimiz. Bu yerda ustoz-shogird an’analariga ko‘ra, mohir gilamdo‘zlarimiz yoshlarga o‘z hunarini o‘rgatish bilan birga, mahsulotlarni sotish imkoniyati ham yaratiladi.

«Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, qo‘lda to‘qilgan gilamlarni eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etilishi, 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta Toshkent shahrida sharqona qo‘lda to‘qilgan gilamlar (Hand-made Oriental Carpets) xalqaro festivali o‘tkazilishi, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida turistlar tashrif buyuradigan madaniy meros ob’yektlari hududlarida qo‘lda to‘qilgan gilamlar ko‘rgazma-savdo rastalari (do‘konlari) tashkil qilinishi belgilandi.

Shuningdek, «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilish uchun xarajatlarga – har bir dastgoh uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiyalar ajratilishi ham nafaqat Nurobodda, balki viloyatimizning boshqa tumanlarida ham gilamchilikni rivojlantirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.