Nuroboddagi 41-maktab mukammal ta’mirlanmoqda. Unga 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi

Nurobod tumanidagi Nurbuloq shaharchasida joylashgan 41-umumta’lim maktabining qurilganiga qirq yildan oshdi. 1100 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan ushbu maktabda o‘tgan bir necha o‘n yil davomida faqatgina joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, xolos. Joriy yil Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan maktabni mukammal ta’mirlash uchun 3 milliard 37 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Qurilish ishlari “Baxo Ishonch Nurbuloq" xususiy korxonasi ishchi xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda maktabdagi ta’mirlash ishlarining 85 foizi bajarildi. Jumladan, barcha deraza va eshik romlari yangidan o‘rnatildi, tom qismi to‘liq tunuka bilan qoplandi. Maktab hovlisi temir panjara bilan o‘raldi. Yangi hojatxona qurildi. Ayni paytda sport zal va faollar zalini ta’mirlash, ichki pardozlash ishlari davom etmoqda. Maktabning isitish tizimi to‘liq yangilanmoqda.

Shuningdek, Ilhom Tursunov hamda maktab kuzatuv kengashi raisi Nurullo Beknazarovlar tomonidan homiylar jalb qilinib, qariyb 30 million so‘mlik homiylik mablag‘lari jamg‘arildi.

—Maktabimizda mukammal ta’mirlash ishlarining boshlangani nafaqat ta’lim muassasasi jamoasi, shu bilan birga, “Nurbuloq” mahallasi aholisi, ota-onalar uchun unutilmas xursandchilik bo‘ldi, — deydi 41-umumta’lim maktabi direktori Ilhom Tursunov. — Ayni paytga qadar katta-kichik homiylik yordamlari ko‘rsatilayotgani, ota-onalarning maktabga kelib, ishchi xodimlar uchun qo‘y so‘yib, oziq-ovqatidan xabardor bo‘lib turgani fikrimizni tasdiqlaydi. Kuzatuv kengashimizning raisi Nurullo Beknazarov, mahalladagi tadbirkorlarimizdan Bahodir Xolboyev kabi homiylar tomonidan mukammal ta’mirlash jarayonida o‘quvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratish, laboratoriya xonalarini jihozlash ishlari uchun pul mablag‘lari berildi.

Maktabdagi ta’mirlash ishlari qisqa fursatlarda yakunlanadi. Joriy yilning sentyabr oyida butunlay yangicha qiyofa kasb etgan, ta’lim-tarbiya jarayonlari uchun keng imkoniyatga ega maktab foydalanishga topshiriladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.