Nuroboddagi do‘konda o‘g‘irlikni voyaga yetmagan bola sodir etgan
Joriy yilning 12 iyun kuni soat 02:00 larda noma’lum shaxs o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida fuqaro Z.A.ga tegishli Nurobod tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan savdo do‘koniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, mazkur do‘kondan jami 111 ming so‘mlik narsalar va temir seyf ichidan 8 million so‘m miqdoridagi naqd pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan Nurobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari jarayonida ushbu jinoyatni voyaga yetmagan N.Ye. sodir etganligi aniqlanib, undan o‘g‘irlik vaqtida qo‘lga kiritgan 3 dona dezodorantlar, 5 pachka saqich, 1.564.000 so‘m miqdordagi naqd pullar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan. N.Ye. jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovga yuborish masalasini hal qilish uchun tuman prokuraturasiga taqdim qilingan.