Nyu-Yorkdan beshinchi maxsus charter reys orqali 174 nafar vatandoshimiz qaytarildi

Kecha, 6 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 22.00da (mahalliy vaqt bilan 13.00) Nyu-Yorkdan Toshkentga exufy «Uzbekistan Airways» AJ charter reysi bugun tongda yetib keldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan taqdim etilgan jadvalga binoan AQSh va Kanadada vaqtincha yoki doimiy yashaydigan bir guruh yurtdoshimiz beshinchi maxsus reys bilan vatanga qaytdi.

So‘nggi uch oy davomida ko‘rilgan choralar natijasida, AQSh va Kanadadan koronavirus pandemiyasi ta’sirida qiyin vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga yordam ko‘rsatildi. 6 avgust kungi maxsus reys orqali 174 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shu jumladan 3 nafar yosh bola Toshkentga uchib ketishi ta’minlandi. Shu bilan birga, 778 nafar vatandoshimiz O‘zbekistonga qaytishni jahonda epidemiologik vaziyat normallashgunga qadar ortga surdi.

Umuman olganda, iyun-avgust oylarida Amerika qit’asidan 1 ming 200 kishi, shu jumladan 26 ta xorijiy davlat fuqarosi O‘zbekistonga olib kelindi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari Kanadadan evakuatsiya qilinishida yordam so‘rab, AQShdagi diplomatik vakolatxonalarimizga murojaat qilgan. AQSh-Kanada chegarasi vaqtincha yopilgani munosabati bilan, konsulxona xodimlari ularni Ottava va Torontodan Istanbul (Turkiya) orqali charter reyslarda qaytadigan vatandoshlar ro‘yxatiga kiritishga yordam bermoqda.

6 avgust holatiga ko‘ra yana 803 kishi vatanga qaytish uchun ro‘yxatga yozilgan. Respublika maxsus komissiyasining jadvaliga binoan navbatdagi parvoz 13 avgustga rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekistonning Vashingtondagi va Nyu-Yorkdagi diplomatik vakolatxonalari kelgusi oylarda Toshkentga borishni rejalashtirgan vatandoshlardan elchixona yoki Bosh konsulxonaga murojaat qilib, yo‘lovchilar ro‘yxatida qayd etilishni so‘ramoqda.