OAV: Tramp mulkida yadroviy qurolga oid hujjatlar qidirilgan
FBR (federal tergov byurosi) xodimlari AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Floridadagi mulkini tintuv qilish chog‘ida yadroviy qurolga oid maxfiy hujjatlarni topishga umid qilishgan, deb yozadi Washington Post.
“Tramp mulkida tintuv qilingan ashyolar orasida yadroviy qurolga oid maxfiy hujjatlar ham bo‘lgan”, — deyiladi nashr tergovdan xabardor manbalarga tayanib.
Avval xabar berganimizdek, Tramp dushanba kuni kechqurun Mar-a-Lagodagi mulki 100 dan ziyod FBR xodimlari tomonidan tintuv qilinganini aytdi. Sobiq prezidentning qo‘shimcha qilishicha, byuro xodimlari tintuv paytida hech kimga, jumladan, advokatlarga ham ishtirok etishga ruxsat bermagan.
Bosh prokuror Merrik Garland tintuv o‘tkazish uchun sudga da’vo qo‘zg‘atishga shaxsan ruxsat berganini, bu oson bo‘lmasa-da, ammo asosli qaror bo‘lganini aytgan.
Adliya departamenti suddan order va tintuv paytida qo‘lga kiritilgan narsalar ro‘yxatini e’lon qilishga ruxsat so‘ramoqda, degan Garland.