Obama yadro qurolini butunlay yo‘q qilishga chaqirdi va Xirosimani unutmasligini aytdi

10-11 dekabr kunlari Xirosima shahrida Yaponiya tomoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Yadro qurolisiz dunyo uchun xalqaro guruhning birinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
AQShning sobiq prezidenti Barak Obama dunyo kelajak avlodlar manfaati uchun yadro qurolini butunlay yo‘q qilishga intilishi kerak, deb konferensiya ishtirokchilariga videomurojaatida aytib o‘tdi.
“Biz avlodlarimiz uchun yadro qurolidan xoli dunyoga intilishimiz kerak”, — deya uning so‘zlarini keltiradi Kyodo. Obama, shuningdek, 2016 yil may oyida Xirosimaga qilgan tashrifini hech qachon unutmasligini aytdi. "Men buni hech qachon unutmayman. Bu mening butun dunyo bo‘ylab yadro quroli xavfini kamaytirishga bo‘lgan sadoqatimni mustahkamlagan lahza bo‘ldi", - dedi u.
Obama 2016 yilda Xirosimaga tashrif buyurgan birinchi amaldagi AQSh prezidentiga aylandi. U yerda, xususan, yadroviy zarbadan omon qolgan shahar aholisi bilan uchrashdi va «Tinchlik» muzeyiga tashrif buyurdi.
Xirosima va Nagasakiga atom bombasi hujumi Ikkinchi jahon urushining eng oxirida AQSh harbiylari tomonidan amalga oshirildi. Ularning rasmiy maqsadi Yaponiya imperiyasining taslim bo‘lishini tezlashtirish edi. Ushbu hujumlar insoniyat tarixida yadro qurolidan jangovar foydalanishning yagona holati edi.