"Obuna bo‘lsangu gazetani olmasang, alam qilar ekan"

Past Darg‘om tumanidagi Go‘zalkent qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari Dilmurod Alovxonov tahririyatimizga shu masalada qo‘ng‘iroq qildi.

– 2019 yil uchun "O‘zbekiston pochtasi" korxonasining tuman bo‘limi orqali "Xalq so‘zi", "Zarafshon", "Ulug‘bek vorislari", "Past Darg‘om haqiqati" kabi gazetalarga obuna bo‘lgan edik, – deydi D.Alovxonov. – Ammo bu gazetalarni vaqtida ololmayapmiz. Yanvar oyida uch marta keltirishdi. Undayam uch-to‘rtta sonlarini taxlam holida. Masalan, yanvar oyida "Zarafshon"ning 13 ta soni chop etilgan. Biz gazetaning sakkizta sonini oldik, xolos. Mana, bugun 11 fevral. Haligacha fevralda chiqqan gazetalarni olganimiz yo‘q.

Endi ayting. Ahvol shunday bo‘lgach, obuna bo‘lib nima naf ko‘ramiz? Gazeta tarqatuvchilarning mas’uliyatini oshirishning biror chorasi bormi?