"Ochiq muloqot": Nurobod tumani rahbarlariga yana 58 murojaat tushdi

Viloyat teleradiokompaniyasining navbatdagi "Ochiq muloqot" teledasturida Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoyirov hamda tuman mutasaddilari aholidan tushgan savollarga javob berdi.

 – Xalqimizning muammolarini har bir xonadonga kirib o‘rganyapmiz. O‘tgan yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan muloqotda fuqarolarimizdan 55 ta murojaat tushgandi. Ayni davrgacha ushbu murojaatlarni o‘rganish jarayonida aholiga yanada yaqinlashib, tumandagi korxona va tashkilotlar mutasaddilarini jalb etgan holda barcha muammolarga yechim topishga muvaffaq bo‘ldik.

Muloqotda yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minoti, tadbirkorlikni rivojlantirish, qurilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligi masalalariga doir savollarga javoblarda tuman mutasaddilarining aksariyati "Nazoratga olamiz", "Bajaramiz"dan nariga o‘tmaslik, o‘z sohasi bo‘yicha oddiy raqamlarni bilmaslik holatlari ko‘zga tashlandi.

– Mahallamizda fuqarolar yig‘ini binosi yo‘q. Shu bois qishloqdagi do‘kondan foydalanishyapti. Yo‘llarimiz abgor ahvolda, ichimlik suvi muammosi xalqimizni uzoq yillardan buyon qiynab keladi. Zax ariq olinmagani bois aksariyat xonadonlarimiz bir metr chuqurlikdan zararli ichimlik suv olib ichyapti, – deydi tumanning Boshquduq qishlog‘ida yashovchi Abdualim Qodirov. – Ushbu savollarni "Ochiq muloqot"ga viloyat "Zarafshon" gazetasi orqali yo‘l­lagandim. Tuman mutasaddilarining javobidan, rosti, qoniqish hosil qilmadik. Ular aniq masala qolib, faqat "Shug‘ullanamiz", degan va’dani berishdi, xolos.

Darhaqiqat, kuzatuvimiz jarayonida Nurobod tumani mutasaddilarining aholidan yo‘llangan murojaatlarni studiyada turib hal etgani, savollarning asosiy qismini tashkil etgan yo‘l qurilishi, suyultirilgan gaz ballonlari ta’minoti bo‘yicha aniq dastur yoki loyihalar xususida gapirilganiga guvoh bo‘lmadik.

– Qishlog‘imiz tuman markazidan 26 kilometr uzoqlikda joylashgan, – deyiladi Mehr qishlog‘ida yashovchi Dostonbek Ochilov yo‘llagan murojaatda. – Mahallamizga jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yilmagani bois, tuman markaziga kelib-ketishda qiynalyapmiz.

Bu savolga javob ham ochiqligicha qoldi. Taklif-mulohaza bildirilmagan bo‘lsa-da, muloqotda nurobodliklarning 58 ta murojaati tinglandi. Ayrim kamchiliklar yuzasidan tuman hokimi tegishli idoralarga topshiriq va vazifalar berdi. Umid qilamizki, ko‘tarilgan masalalar, yechimini kutayotgan muammolar tumanning tegishli korxona va tashkilotlari mutasaddilari tomonidan ijobiy hal etiladi.

A.BAXTIYOROV.