Odamlarda koronavirus yuqtirish orqali tajriba o‘tkaziladi

Oksford universiteti ingliz olimlari bir nechta ko‘ngillilarga yangi koronavirusni yuqtirishga tayyorlanmoqda. Ushbu sinov virusning barcha variantlarida organizm o‘zini qanday himoya qilishini aniqlash, kuzatilayotgan bemorlar immunitet ta’sirini o‘rganishni ko‘zda tutadi. Tadqiqot COVIDning oldini olish va davolashning samarali usullarini ishlab chiqishda yordam berishi mumkin.

"Ushbu tajriba yordamida biz immunitet reaksiyasi yangi infeksiyaga qarshi tura olishini aniqlamoqchimiz, - deydi Oksford universiteti vaksinologiya professori Xelen Makseyn. - Eksperiment natijalari kelajakda vaksinalar ishlab chiqish, ularni sinovdan o‘tkazish va undan tezkor foydalanishga imkon beradi".

Barcha ko‘ngillilar COVID kasalligiga chalinib o‘tgan va ularda koronavirusga qarshi antitanachalar mavjud. Shunday qilib, ular ikkinchi bor koronavirusga chalinadi. Olimlar esa o‘zlari yuborgan sun’iy virusga qarshi antitanachalar kurashishini kuzatadi.

Oksford universiteti olimlari tomonidan shifoxona sharoitida 64 nafar bemorga yangi koronavirus yuqtiriladi. Koronavirus ularning tanasidan butunlay yo‘qolguncha ular shifoxonada qoladi. Ya’ni, uch hafta. Bu vaqt davomida ko‘ngillilar shifokorlarning qat’iy nazoratida bo‘lishadi. Sun’iy yuqtirish tajribasini boshlash 17 may, dushanba kuniga belgilangan. Tajriba o‘tkazilayotgan fuqarolarga 5000 funt sterling miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

«Biz odamni COVIDdan, kasallikning og‘ir shaklidan nima himoya qilishini hali aniq bilmaymiz. Tajriba bu savolga javob topishda yordam beradi. Jarayonda biz ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Bu bizga yangi vaksina va yangi davolash usullarini ishlab chiqishda yordam berishiga umid qilamiz», dedi tadqiqot koordinatori Syuzan Jekson.

Olimlar koronavirus odamlarga turlicha ta’sir etishini va virus immunitet tizimiga qay tarzda ta’sir etishi haqida ko‘proq bilishga urinmoqda. Bunday sa’y-harakatlar nihoyat koronavirusni to‘liq nazorat qilishga yordam beradi, deb umid qilamiz.

G.Xoldorova tayyorladi.