Odamlarning mol-mulkini o‘margan "shovvoz" yigit 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Jasur muqaddam ikki marotaba sudlangan, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi. Ikkinchi marta sudlanganda 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining ajrimiga ko‘ra uning ayblovidan JKning 164-moddasi 3-qismi “a” bandi chiqarilib tashlandi. Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi. Uning o‘talmagan jazosi 5 yil 10 oy qolgandi. Ammo bu muddatning yanayam uzayishiga Jasurning o‘zi sababchi bo‘ldi. Jomboy tumanida joylashgan jazoni ijro etish muassasasida jazosini o‘tayotganlar qatori u ham shahardagi “Vastok Merkuriy” MChJda shartnoma asosida ishlab keladi.  

Bir kuni tunda Jasur bu yerdan devor oshib ko‘chaga chiqdi. Taksiga o‘tirib, “Aziz” bozori oldiga keldi. Atrofni zimdan kuzatib chiqdi. Ko‘p qavatli uylarning biridagi birinchi qavatning derazasi ochiqligini ko‘rdi. Jasur deraza oshib uyga kirdi. Uydagilar uxlab yotgandi. Jasur oyoq uchida uyni aylanib, 500 000 so‘m pulni olib chiqib ketdi.

Jasur keyingi tun yana shu manzilga keldi. Ko‘p qavatli uylar yonidagi bir xonadonga kirdi. Cho‘ntagidan ro‘molcha olib yuziga bog‘ladi. Uyga kirganda xonadon sohibasi Nodira namoz o‘qiyotgandi. Yigit Nodirani yana uxlab qoldi deb o‘yladi. Oshxonaga kirib shkaf eshigini ochdi. Ayol uyida kimdir borligi sezdi. Yigitni ko‘rib “kimsan?” dedi. Jasur yugurib borib, ayolning og‘zini yopdi. Bo‘yniga pichoq tirab, “baqirsang seni ham bolalaringni ham o‘ldiraman” dedi. Tong yorishib qolgandi. Nodira ko‘z qirini yigitga tashladi. O‘g‘ri yigitning qo‘lida qora qo‘lqop, yuzini o‘rab, boshidagi kepkani bostirib olgandi.

- Pullaring qayerda? – dedi do‘q qilib Jasur.

- Pulim yo‘q.

- Aldama meni, - dedi pichoqni ayolning bo‘yniga qattiqroq tirab.

Nodira qo‘rqib ketdi.

- Iltimos, bolalarimga tegmang! Tilalarim bor, - dedi.

- Qayerda tillalaring, - dedi yigit yanayam vajohatliroq ohangda.

- Oshxonada. Shkafdagi choynakda.

Jasur ayolni itarib oshxonaga boshladi. Nodira o‘z qo‘li bilan 3.500.000 so‘mlik taqinchoqlarini berishga majbur bo‘ldi.

Bir necha kunlardan so‘ng Jasur qulay fursat topib yana ko‘chaga chiqdi. Bu gal u “Sug‘diyona” maskani tomon yo‘l oldi. Ko‘p qavatli uylar atrofini aylanib yurib, orqa eshigi ochiq bir uyga ko‘zi tushdi. Uy egalari yoz havosi bo‘lgani uchun tashqarida yotgandi. Yigit ochiq eshikdan uyga kirdi. Bu yerdan 250 yevro, 550 AQSh dollari va 25.000.000 so‘mlik talla taqinchoqlarni olib chiqdi.

Ko‘p o‘tmay u yana “Sug‘diyona” tomon yo‘l oldi. Bu safar u Fotimaning tinchini buzdi. Ochiq turgan deraza orqali uyga kirib, 1.500.000 so‘mlik telefon apparati, 150.000 so‘m hamda 100.000 so‘mlik ayollar sumkasini o‘mardi. Bolasi bilan uxlab yotgan Fotima hech nimani sezmadi. Tong otgach uyiga o‘g‘ri kirganini bildi.

Organ xodimlari uning qilmishlariga chek qo‘ydi.

Sud hukmi bilan Jasur Ro‘ziyev o‘talmagan jazosini mazkur tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil qat’iy o‘tash uchun 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jazoni ijro etayotib ham o‘g‘irlikka qo‘l urgan Jasurning qilmishlari dono xalq tilidagi “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas”, degan ibratli gapni yana bir bor isbotladi.