O‘gay singlisiga zo‘ravonlik va tazyiqlar o‘tkazib kelgan aka javobgarlikka tortildi

Navoiy viloyatida zo‘ravonlikdan jabr chekayotgan ikki ojiza “mushtumzo‘r”lardan himoya qilindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Karmana tumani tibbiyot birlashmasi hamshirasi tuman IIBga telefon orqali murojaat qilib, 1999 yilda tug‘ilgan, Karmana tumani, Farhod MFYda istiqomat qiluvchi K.L. ism-familiyadagi qizning tan jarohati olgan holda shifoxonaga yotqizilganligini ma’lum qilgan.

Tuman IIB HPBning olib borgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, K.L. birga yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan o‘gay akasi Sh.B. tomonidan kaltaklangan bo‘lib, Sh.B. o‘zaro oilaviy kelishmovchiliklar natijasida bir necha bor zo‘ravonlik va tazyiqlar o‘tkazib kelgan. Tuman IIB tomonidan Sh.B. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi.

Uchquduq tumani, O‘zbekiston ko‘chasida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro A.Yu. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, birga yashovchi turmush o‘rtog‘i, 1982 yil tug‘ilgan Z.D. tomonidan o‘zaro oilaviy kelishmovchilik natijasida murosaga kela olmayotganligini, turli va’jlar bilan kaltaklanib, tan jarohati olganligini ma’lum qilgan.

Uchquduq tumani IIB HPB o‘rganishlari natijasida Z.D. aybdor deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasiga binoan javobgarlikka tortilgan.