Oila muammolariga jiddiy nazar

Mahallalarda "Otalar maktabi", "Huquqshunos maslahati kunlari"ni tashkil qilish kerakmi? Qonuniy nikohdan ajralmay turib, shar’iy nikoh bilan yashayotganlarga ma’muriy javobgarlik belgilash samara berarmikan? Har 50 ta oilaga bitta kayvoni belgilash oilalar mustahkamligi uchun ahamiyatli bo‘ladimi?

Samarqand shahrida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan "Oilalarni mustahkamlash - jamiyat taraqqiyotining asosidir" mavzusidagi konferensiyada shu kabi savollarga javob izlandi. Oilalardagi ma’naviy muhitni mustahkamlash, ulardagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va hal etishda hamkorlik masalalari muhokama etilgan konferensiyada viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining boshqaruvi a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, hamkor tashkilotlarning faollari ishtirok etdi. Konferensiyada oilalardagi muhitni yaxshilash, xotin-qizlar o‘rtasidagi turli salbiy holatlarning oldini olish borasida mutasaddi tashkilot rahbarlari o‘zaro fikr bildirdilar.

Gavhar ALIMOVA, viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

- Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va ajrimlarni kamaytirish maqsadida Oliy sud bilan xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra, ajralishga ariza berganlarga xotin-qizlar qo‘mitasining xulosasini olish tuzimi yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlikda olib borilgan ishlar tufayli 2018 yil davomida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 1168 tasi, ya’ni 63 foizi yarashtirildi. Viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari tashkil etildi va u yerda 213 nafar ayolga yordam ko‘rsatildi. Olib borilgan ishlarning barchasini raqamlarda ifoda etmoqchi emasman. Sababi, amalga oshirilgan ishlarga qaramay, hamon viloyatda oilaviy ajrimlar soni yuqori. Ushbu holatlarning sababini chuqur o‘rganish, tahlil etib, oldini olishga e’tiborni qaratish lozim. Joylarda olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, oilalarning mustahkamligiga soya solayotgan illatlarning biri otalarning mas’uliyatsizligi, qizlarning turmushga tayyor emasligi bo‘lib chiqmoqda. Shu ma’noda joylarda "Otalar maktabi"ni tashkil etish, nuroniy otalarni bunga jalb qilish lozim. Huquqiy maslahat kunlarida huquqshunoslarning aholi bilan uchrashuvlari muntazamlik kasb etishi zarur.

Ma’rufjon TOJIBOYeV, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi:

- Ajralishlarning oldini olish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, ajralish uchun to‘lanadigan davlat boji ham ikki baravar ko‘paytirildi. Ajralayotgan oilalarning 90 foiziga yarashish uchun muddat berilmoqda. Ammo, e’tibor bering, olti oydan so‘ng shu oilalarning 85 foizi yana ariza ko‘tarib kelyapti. Ya’ni, muddat berish natija bermayapti. Sababi, sudgacha kelayotgan oilalarning aksariyati allaqachon ajrashishga qaror qilgan, g‘isht qolipdan ko‘chgan.

Yarashtirish ishlarini esa sudgacha bo‘lgan davrda olib borish lozim. Shu ma’noda joylarda aholi bilan uchrashuvlarda, seminarlarda ota-onalar, ajrashayotgan er-xotinlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazyapmiz. "Farzandingizga kelin yo kuyov tanlashda nimalarga e’tibor qaratyapsiz?" degan savolimizga ota-onalarning qariyb 90 foizi "Chiroyligina, kelishgan ekan", "Boy-badavlat, bizga ma’qul keldi", "Chetdan qaraganda yaxshi oiladek ko‘ringandi", deb javob bermoqda. Yosh kelin-kuyov esa nima uchun turmush qurayotgani haqida savolga aniq javob bera olmaydi. Bu esa ularning ikkalasi ham oilaning mas’uliyatli, javobgarligi bor dargoh ekanligidan bexabar deganidir.

Mahallada xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassislar yarashib olishlari uchun muddat berilgan oilalar bilan ishladik, gaplashdik, mazmunidagi dalolatnomani taqdim etishadi. O‘rganganimizda er-xotinning biri xorijda ekanligini aniqlaymiz. Xo‘sh, dalolatnomaga "Chaqirtirib, gaplashdik, tushuntirish ishlarini olib bordik", degan gap qaysi mantiqqa asoslanib yozilyapti? Ehtimol, kelgusida bunday dalolatnoma yozgan mutaxassisga ham chora ko‘rilishini belgilarmiz. Sababi, bu yozuvlar oilani yarashtirish uchun hech qanday ish amalga oshirilmaganini ko‘rsatadi.

Oilaga tayyorlash uchun FHDYo bo‘limlari qoshida nikohdan o‘tishdan bir oy oldin "Yosh oila quruvchilar maktabi" ishlayapti. Ammo, voqeaga real nazar tashlaydigan bo‘lsak, to‘ydan bir oy oldin yoshlarning xayoli to‘yni o‘tkazish, ko‘ylak olish va hokazolar bilan band bo‘ladi. Aytmoqchimanki, oilaga tayyorgarlik rejali, tizimli bo‘lish kerak.

Rashid RAHIMOV, viloyat ishki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi boshlig‘i:

- Jinoyatchilikka moyillik ham ko‘pincha oiladagi notinchlikdan kelib chiqmoqda. O‘tgan yili 8 mingdan ortiq notinch oila qayd etilgan. Jinoyat sodir etgan  ayollarning esa 548 tasi oilalidir. Shuningdek, ularning 346 tasi ishsiz, 170 nafari moddiy yetishmovchilik tufayli jinoyat ko‘chasiga kirgan.  Afsuski, jinoyatlarning 50 foizi oilaviy kelishmovchilik tufayli sodir etilayotir. Oilada er-xotinning mas’uliyatsizligi, farzandlar tarbiyasiga bee’tiborligi tufayli notinchliklar kelib chiqib, aksariyati turli noxushliklar bilan yakun topayotir.

Anjumanda shuningdek, boshqa qator hamkor tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, aniq taklif va mulohazalarni bildirdilar. Ular jamlanib, tegishli mutasaddi tashkilotlarga tavsiyalar qabul qilinishi belgilangan.

Gulruh MO‘MINOVA.