Ayol fozilligi belgisi bo‘lgan 17 fazilat

Moziyga nazar tashlasak, har bir davrning o‘ziga xos sinovlari, mashaqqatlari bo‘lgan. Bugun – XXI asrda “COVID-19” koronavirus infeksiyasi butun dunyo xalqlarini tashvishga qo‘ygan global xavfga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu xavfga qarshi kurashishning eng samarali chorasi esa hammasidan ajabtovur – uyda qolish. Uyda qolib, kasallikdan o‘zni himoyalash.

Ko‘p ta’kidlanayotgandek, yaqinda bir jurnalist ham shu haqda yozdi, uyda qolish bizning xalqimiz uchun juda katta muammo emas. Odamlar karantin qoidalariga amal qilib, uyda qolmoqdalar. Bundan katta fojia yasalgan emas. Chunki, xalqimiz uyda ham bekor o‘tirgani yo‘q. Birinchi navbatda, keyingi paytda biroz unutilgan oilaviy qadriyatlar yana qayta qaror topa boshladi. Oila a’zolarining barchasi bir dasturxon atrofida o‘tiribdi, oilaviy kitobxonliklar boshlandi. O‘quvchi va talabalar, hatto bog‘cha tarbiyalanuvchilari ham uyda bo‘lsa-da onlayn saboq olyapti. Ishchi ota-onalar vazifalarini uyda turib bajarishyapti. Tomorqa yumushlari bilan band bo‘lganlar yoki hunarmandchilik qilib, ro‘zg‘or tebratayotganlar ham ko‘pchilik.

Demak, xalqimizning hayot tarzi oilaviy an’analar ustuvorligida davom etmoqda.

Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, bu qoidalarga bo‘ysunishni istamayotganlar ham uchrab turibdi va ular harakatlariga munosib huquqiy baho olyapti.

Shu bilan birga, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini bugungi murakkab sharoitda qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam berish zarurati tug‘ildiki, bu ham davlatimizning doimiy e’tiboridagi masala bo‘lib turibdi.

Ana shunday paytda barchamiz o‘zimizning fuqarolik burchimizdan kelib chiqib, qaysi jihatlar yoki amalga oshirayotgan ishlarimiz bilan bu tadbirlarni davom ettirishga harakat qilyapmiz? O‘zimizning oilamizda farzandlar tarbiyasida nimalarga e’tibor berishimiz kerak? Dunyoda kutilayotgan iqtisodiy va oziq-ovqat tanqisligi bizning oilamizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi uchun tomorqamizga qanday mahsulotlarni ekib, parvarishlayapmiz?

Bugungi karantin sharoitida oilada ayniqsa, ayollarimizning o‘rni har qachongidan ham oshgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ijtimoiy, siyosiy, huquqiy fikrlar tarixida birinchilarda bo‘lib ayolning farzand tarbiyasidagi o‘rni haqida risola yozgan Abu Ali ibn Sino “Ayol kishi oilada eriga munosib, hayotda sodiq hamkor bo‘lmog‘i darkor”, degan fikrni ilgari surgan. Alloma ayol fozil bo‘lishi uchun quyidagi 17 fazilat sohibasi bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi:

1) oqila va iymon-e’tiqodlilik;

2) sharm-hayoli va or-nomusli bo‘lish;

3) ziyraklik va farosatlilik;

4) yoqimtoylik;

5) eriga mehr-muhabbatli bo‘lish;

6) sadoqat;

7) betgachopar bo‘lmaslik;

8) ezma, vaysaqi bo‘lmaslik;

9) itoatkorlik;

10) dili poklik;

11) eri orqasidan g‘iybat qilmaslik;

12) pokizalik;

13) vazminlik;

14) jiddiy va ulug‘vorlik;

15) erining og‘ir damlarida unga dalda bo‘la olish;

16) mehribonlik;

17) irodali va sabr-qanoatli bo‘lish.

Albatta, bunday fazilatlarga ega bo‘lish mukammallikni talab etadi. Bu esa jamiyatimizning nozik va go‘zal vakillariga mos va xos xususiyatlardir. Hozir ular oila a’zolariga har qachongidan mehribon, har qachongidan e’tiborli. Mana shunday paytda erkaklarimiz ham aziz ayollarimizning haqiqiy suyanchi bo‘lishi zarur.

Oilada farzand tarbiyasi uchun ota-onalar barobar mas’ul hisoblanadi. Bugun uyda qolgan bolalar ta’lim-tarbiyasi bilan otalar ham ko‘proq shug‘ullanishlari kerak va amalda ham shunday bo‘layotgani kishini quvontiradi. Dasturxonda birga o‘tirish, maslahatlashish, ota va onalarni birgalikda ko‘rish farzandlar tarbiyasiga nihoyatda katta ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Qo‘shnim ko‘chma bozordan mahsulot ola turib, sotuvchiga “Yanga, uyda o‘tirish ham qiyin ekan, endi tushundim keliningizning zerikdim, degan har kungi gaplarini”, dedi.

Shu gapni eshitib, ayrim erkaklarning “turmush o‘rtog‘im uyda o‘tirsayam meni ko‘p bezovta qiladi, tayyorini yeb o‘tirmaydimi”, degan ginalariga javob topganday bo‘ldim.

Hozirgi holatda muhim masala farzandlarning tarbiyasi va ular bilan munosabat, ayniqsa, voyaga yetmaganlar bilan gaplashish. Oilada bolaga nisbatan qanday munosabat ko‘rsatilsa, bola ham atrofdagilarga ana shunday munosabatda bo‘ladi. Xususan, oilada ijtimoiylashuv jarayoni, tarbiyaviy munosabatlar zo‘ravonlik holati bilan amalga oshirilsa, bu uyda o‘sgan bola ham tashqi muhitga ana shunday salbiy holatlarni namoyon etadi. Deviant xulqli bolalar, jinoyat sodir etayotgan yoshlar ana shunday oilaviy muhitda tarbiya topganligi ilmiy-amaliy tadqiqotlar, o‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldi. Agar shaxsning jamiyatga kirishida ijtimoiylashuv va individuallashuv jarayonlari o‘rtasida tenglik ijobiylik holatlari yuzaga kelsa, insonning jamiyatga yaqinlashuvi ro‘y beradi.

Koronavirus insoniyatning sabotini, sabrini sinamoqda, o‘zi, oilasi va yaqinlari hayoti hamda sog‘lig‘iga qanchalik mas’ullikni his etishini aniqlamoqda. Karantinning talabi ham shu, aslida.

Zebiniso ShODIYeVA,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi.