Okean va dengizlar tubiga qancha boylik g‘arq bo‘lgan?
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, butun tarix davomida insoniyat 3 milliontaga yaqin kemasidan ayrilgan, ularni dunyo okeani o‘z qa’riga tortib ketgan.
Albatta, hammasi ham oltin olib ketayotgan bo‘lmagan. Ammo olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, 1500 yildan buyon insoniyat qo‘lga kiritgan oltin va kumushning katta qismi dengiz jangi va kemalar halokati oqibatida suvga g‘arq bo‘lgan.
1595-yilda Florida yarimorolidan uncha uzoq bo‘lmagan suvda Ispan karavellasi “Santa-Margarita” cho‘kib ketadi. Uning ichida qiymati 8 mln. dollar bo‘lgan oltin yombisi bor edi. Oradan uch yil o‘tib, Qarib dengizida “San-Ferdinada” kemasi halokatga uchraydi, u bortida 20 million dollarlik boylik olib ketayotgan edi.
1628-yilda Florida ko‘rfazida junbushga kelgan dovul 11 ispan kemasini suv ostida g‘arq qildi. Ular Yevropaga aqlbovar qilmas miqdorda – qiymati 1 milliard 200 million peset oltinni olib ketayotgan edi.
1716-yilda Stalov ko‘rfazida dovulga duch kelgan 42 golland fregati cho‘kib ketdi. Ular bilan birga qiymati 460 million gulden oltin suv tubiga g‘arq bo‘ldi.
Okean qa’ridagi boylik xazina qidiruvchilarga tinchlik bermay keladi. Suv tubidan boyliklarni chiqarib olish izchil yo‘lga qo‘yilgan biznesga aylangan. Unda yolg‘iz kishiga va ojiz jamoaga o‘rin yo‘q. Bu borada ekspeditsiya tashkil etishi va boyliklarni qidirib topib, yuzaga chiqarish uchun katta qorporatsiyalar faoliyat olib bormoqda, ular bu ishga aqlbovar qilmas pullar sarflashyapti. Bu tavakkalchilik o‘zini oqlayapti ham. Negaki, ayrim xazinalarning qiymati yarim milliard dollardan oshadi-da!
Yana halokatga uchragan kemalar bilan g‘arq bo‘lgan oltinlarga qaytamiz. 1917-yilda Shimoliy Irlandiya qirg‘oqlarida Angliyaning “Laurintek” kemasi bilan fojia yuz berdi. Kema Kanadaning Galifaks porti sari yo‘lga chiqqandi. Uning bortida Kanada yetkazib bergan qurol-yarog‘i uchun to‘lanadigan 3 mingdan ziyod oltin quymasi bor edi. Lox-Sulli ko‘rfazidan suzib chiqishida “Laurentik” nemis minasiga duch kelib portlab ketadi, u bilan birga komandaning yarimi va hamma oltin cho‘kib ketadi.
Dengizda suzish tarixida hali hech qachon kema bilan suv qa’riga 43 tonna oltin cho‘kib ketgan hodisa bo‘lmagan edi. Baxtga qarshi kema cho‘kkan suv chuqurligi 40 metrgina ekan. Shunga qaramasdan, g‘avvoslar 7 yil tinimsiz mexnat qilishlariga to‘g‘ri keldi. 1924-yilda yuzaga 2186 oltin quyma chiqarib olindi, buning uchun g‘avvoslarni 5 ming marta dengiz tubiga sho‘ng‘ishlariga to‘g‘ri keldi. 26 oltin yombi suv tagida qolib ketdi.
Tarixda bunday misollar ko‘p. 1922-yil 22-mayda Angliyaning “Idjpt” paroxodi bilan shunday fojia yuz berdi. Yo‘lovchi katta bu paroxodi qalin tumanda fransuz kemasi bilan to‘qnashish oqibatida jiddiy shikastlandi va 20 daqiqadan keyin cho‘kib ketdi. Atlantikaning Finisterr buruni rayonida chuqurlik 120 metrga yetardi. Cho‘kkan paroxoddagi boyliklarni yuzaga chiqarib olish uchun 6 yil zarur bo‘ldi. Natijada 865 oltin quyma, 6 tonna kumush, 80 mingta tilla tanga chiqarib olindi.
Xazina qidiruvchilarni hamisha omadi kelavermaydi, albatta. Ko‘p hollarda sarflangan xarajatlar behuda ketadi. G‘avvoslar sog‘liqlarini yo‘qotadi, bazan halok bo‘lishadi. Yomoni, hali dunyo okeani tubida behisob boyliklar xazina qidiruvchilarning oromini buzib yotibdi.
T.Shomurodov tayyorladi.