O‘likning ortidan pul ishlaydigan, kambag‘alning noniga sherik xalqmiz(mi?)
Ushbu jumlalarni yozishga nima haqing bor o‘zi, deya yozg‘irmang. Butun xalqqa baho berishga kim huquq berdi senga, deya malomat ham qilmang. Ko‘zda yosh, yurak qonim bilan yozdim bu jumlani. Ehtimol, hissiyotlarga berilgandirman, balki jahl bilan yozgandirman. Ammo quyidagi kabi xabarlarni o‘qiyotgan kishi borki, g‘azab otiga mingan, «nahotki!» deya hayratlangani, «hammasi bir bularning!» deya qo‘l siltagani tabiiy.
…Shahrixonda kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan 82 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.
…Toshkent viloyatida mansabdor shaxslar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari hamda bosh hisobchi bilan davlat byudjetining 109,2 million so‘m pulini noqonuniy o‘zlashtirgan. Shuningdek, ular «Saxovat va ko‘mak» fondidan 44 million so‘mni ham o‘zlashtirib, o‘z maqsadlari uchun ishlatib yuborgan.
…Qashqadaryoda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari 900 million so‘mdan ziyodroq pulni o‘zlashtirib yuborgan. Yana xuddi shunday markazlarning Navoiy, Buxoro, Andijon, Namangan viloyatlarida ham bir necha millionlab, koronavirusga qarshi kurashish maqsadida ajratilgan pullar o‘zlashtirib yuborilgan…
…Buxoroda «Saxovat va ko‘mak» fondining pullari o‘zlashtirilgani aniq bo‘ldi.
Bugun bular haqida ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirmagan kishi qolmadi, hisob. Ularning ba’zilarini bir o‘qib ko‘ring-a. Misol uchun, taniqli jurnalist Elmurod Ermatovning virusga qarshi kurashuvchi idoralar rahbarlari tomonidan yirik mablag‘lar o‘marib ketilganligi haqidagi postiga nisbatan quyidagicha izohlarni o‘qiysiz va ularning barchasi og‘riq va nafrat bilan yozilganini his qilasiz.
Ilhom Karimov: Aslida bu ro‘yxatdagi eng kam yeganlari bo‘lsa kerak. Chunki qolganlari yegan joyida iz qoldirmay yurish bo‘yicha katta tajribaga ega (bo‘lishi mumkin).
Otabek Rahimov: Aybdorlarning ism-sharifini, egallab turgan lavozimini to‘liq yozinglar, toki o‘sha puldan luqma yegan qarindoshlariyam izza bo‘lsin. Shularni o‘ylab keyingilariyam tiyilarmidi shunda…
Sharofiddin Hoshimjonov: Bu faqat SEOM, yana qancha o‘marganlar bor, kim biladi. Eng qizig‘i, bular qaytarildimi? Uyidan topilganlar «ashyoviy dalil»ga aylanmay joyiga qaytib qo‘yildimi? Savollar ko‘p.
Haqiqatan ham savollar ko‘p. Korrupsiya, poraxo‘rlik ildiz otganini hammamiz tan olardik. Bunga qarshi kurashaylik, deb qancha yig‘ilishlar qilindi, necha tadbirlar shu mavzu doirasida, xo‘jako‘rsin uchun o‘tkazildi. Korrupsiyaga qarshi kurashaylik, deb turgan insonlarning o‘zlari bu illatdan yiroq emasligini yaxshi bilgan ma’ruza tinglovchilar miyig‘ida kulib o‘tiraverardi.
Keyingi paytlarda korrupsiya holatlarining aynan qaysi tashkilotlarda ro‘y berayotgani ochiq-oydin aytilishi ma’ruza-yu tadbirbozlikdan ko‘ra ancha samaraliroq bo‘ldi, nazarimda. Xususan, hozirgi pandemiya davrida korrupsiya, davlat byudjeti mablag‘larining o‘marilishi holatlarining aytilayotgani xalqning g‘azabini keltirayotgan bo‘lsa-da, ammo juda muhim jarayon sanaladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, biz korrutsiya botqog‘iga botib qolganimizni yaxshi bilsak-da, bu darajada insofsizlik botqog‘iga cho‘kib ketganimizni tasavur qilmasdik. Byudjet mablag‘larining o‘zlashtirilayotgani haqida ochiq-oshkor aytilayotgan xabarlar bir qaraganda xalqning jahl otiga minishiga sabab bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarni “portlatib” yuborgan bo‘lsa-da, kishiga ozgina umid ham beradi. Sababi, shu paytgacha korrupsiya holatlari aniqlanar, ammo mansabdor shaxslarning bunday harakatlari kamdan-kam holatda, aniqlanganlari ham ochiq aytilmas edi.
Korrupsiyaga qo‘l urib, keyin yana xuddi hech narsa bo‘lmaganday turli idoralarda (ba’zilari hatto lavozimli joylarda) ishlab yurganiga guvoh bo‘lgach, korrupsiyaning ildiziga bolta urishning iloji yo‘q ekan-da, degan xayolga borardik.
Umuman, bundan bir necha yillar avval davlat idoralarida halolligi uchun ishlay olmagan ko‘plab kadrlarning xorijga chiqib ketganiga guvoh bo‘lganmiz. E’tibor bering, ishini bilmagani yoki savodsizligi uchun emas, yaxshi, bilimli mutaxassis aynan halol ishlagani uchun ham ba’zi davlat idoralarida ishlay olmaganiga misollar bor. Hozir ham bunday holatlar tamoman yo‘qolgan, deb aytolmaymiz. Yo‘qolmagani uchun ham xalq boshiga tashvish tushgan bir paytda shuncha mablag‘ning o‘marilishiga guvoh bo‘lib turibmiz. Tashvishli kunlarda byudjet mablag‘lari shunday talon-toroj bo‘lar ekan, boshqa paytlarda qanday «savdolar» bo‘lishi mumkinligi aqlingga sig‘maydi.
Korrupsiyani yo‘qotish uchun shu kunlarda yana bir katta tashkilot tuzildi. Korrutsiyaga qarshi kurashish agentligi hali qanday vaziflarni bajarib, qanday natijalarni ko‘rsatadi, buyog‘i bizga hozircha qorong‘i. Ammo shu qorong‘ilik ichra ushbu tashkilot bir yog‘du bo‘lishiga umid ham yo‘q emas.
Yomoni, hatto aytishga til, yozishga qo‘llar qaltirab ketadigan bir holat ham bugun tarmoqlarda tobora ochiqroq aytilmoqda – virusdan vafot etganlarning jasadlari ham pulga chaqilayotgani haqida.
Xususan, feysbuk foydalanuvchisi Gulnora Mahmudova shunday fikrlarni yozadi: «Vatandoshlarimdan oldindan ming bora uzr so‘rab, yana bir juda tashvishli masala haqida yozyapman. Virus balosiga qarshi kurashish hammaning ishi bo‘lgani uchun, yana yuzlab odamlarga kasallik tarqalmasligi uchun befarq turolmadim.
Shifokorlarimizga ta’zim qilamiz! Lekin Kovid tufayli vafot etganlar jasadi kasalxonadan "kelishilib" yaqinlariga berib yuborilayotgan xolatlar bo‘lyapti. Marxumlarga, yaqinlariga hurmatimiz, ta’ziyamiz cheksiz. Ammo u xonadonlarda o‘lgan bilan hamma tegishli amallar qilinyapti, odamlar janozaga yig‘ilyapti. Yaqin insonni yo‘qotish qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, boshqa zararlanmagan qarindoshlar, bolalar, qariyalar, maxalladoshlarimizni asrashimiz kerak!».
«Kelishib» so‘zi bu o‘rinda qanchalik og‘riqli...
Jurnalist Aziza Qurbonova esa feysbukda shunday post qoldirgan: “Tanishim aytdi: Akasini 84-nomer ostida morgdan 1,5 kunda! olib chiqishibdi. O‘likka ham jonli navbat. Shunchaki, ulgurishmayapti ekan. Statistika esa 4 va 3 ni sanaydi”.
Ushbu postni izohlagan Nargis Qosimova esa “Eng yomoni koronavirusdan o‘lganlarning jasadini sotishayapti yaqinlariga. Yaqinda tanishimning opasi 15 million berib zo‘rg‘a olibdi”, deb yozadi.
Ha, pandemiya juda ko‘p narsani ochiqlikka olib chiqdi. Saxovatli insonlarning ko‘pligini ham, xalq birlashsa, katta ishlarga qodirligini ham, qo‘lida amali borlarning nafs o‘lchovlarini ham, qo‘lida amali yo‘g‘u, paytdan foydalanib, xalqning pulini shilishga qodir insonlarning kimligini ham… Hamma hammani… Shularni o‘ylarkanman, koronavirusga qarshi vaksinadan ham ko‘ra, «halollik vaksinasi» tezroq paydo bo‘lishini istadim. Ehtimol, o‘shanda virusni jilovlash ham osonroq kecharmidi…
Gulruh MO‘MINOVA.