Olimlar koronavirus zarralarining yashovchanligidan hayratda
Bombey hind texnologiya instituti olimlari koronavirus zarralarining chidamlilik qobiliyatiga hayratdan yoqa ushlashdi. Ular o‘z tadqiqotlarini "Physics of Fluids" jurnalida nashr etdi.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, virus bir necha kun davomida turli yuzalarda hayot faoliyatini saqlab turishi mumkin. Olimlarning ta’kidlashicha, nafas olish sekretsiyasi suyuqligining 99,9 foizi bir necha daqiqada bug‘lanadi. Ammo hosil bo‘lgan mikroskopik plyonka tufayli koronavirus zarralari omon qolishi mumkin. Tadqiqot mualliflari, shuningdek, ba’zi yuzalarda, masalan, polipropilenda koronavirus 150 soatdan ko‘proq vaqt saqlanib turishi mumkinligini ta’kidladi.
Avvalroq, Shveysariyadagi Jeneva universiteti olimlari SARS-CoV-2 kabi viruslarni hujayraga singishini to‘sadigan preparatlarni topishgan edi. Ushbu ingibitorlar (fiziologik va fizik-kimyoviy, asosan fermentativ jarayonlarni bosuvchi yoki to‘xtatib turuvchi moddaning umumiy atamasi) hozirda qo‘llanilayotgan davo vositalariga qaraganda 5 ming marta samaraliroq ekanligi ma’lum bo‘ldi.
G.XOLDOROVA tayyorladi.