Olimlarimiz Bulg‘or islom akademiyasi doktarantlariga saboq bermoqda
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Tataristondagi Bulg‘or islom akademiyasi magistr va doktorantlari uchun “Markaziy Osiyoda islom ta’limoti” mavzusida o‘quv kursini o‘tmoqda.
Markaz axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 23-27 noyabr kunlariga mo‘ljallangan kurs mashg‘ulotlari Zoom videokonferensiya dasturi orqali olib borilmoqda.
O‘quv davomida markazning yetakchi ilmiy xodimlari tomonidan “Markaziy Osiyo allomalarining jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi”, “Hadis ilmi rivojida Movarounnahr muhaddislarining o‘rni”, “Movarounnahrda fiqh ilmining rivojlanish tarixi”, “Imom Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” shoh asari islom dinida muhim manba” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qiladi.
Jumladan, markaz direktori Sh.Ziyodovning “Markaziy Osiyo kutubxonalari tarixi”, yetakchi ilmiy xodim A.Ne’matovning “Movarounnahr kalom tarixida moturidiya ta’limoti” mavzusidagi ma’ruzalari tinglovchilarga manzur bo‘ldi.