Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari va jahon chempionatlari sovrindorlari  qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi

Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorda nazarda tutilishicha, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari va jahon chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor (1–3-o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilar davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllariga qo‘shimcha davlat granti asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Bunda, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari va jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor (1–3-o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Turizm va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning asoslantirilgan takliflariga muvofiq Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi hamda Turizm va sport vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Samariddin Suyunov,

DTM Samarqand viloyati bo‘limi yetakchi mutaxassisi.