Olis hududlarda ish boshlagan shifokorlar 30 million so‘mdan rag‘batlantirildi

Viloyat Matbuot uyida viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, viloyatda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyatini takomillashtirish maqsadida o‘tgan yil 6 ta oilaviy shifokor punkti va 5 ta oilaviy poliklinika ochilgan. 43 ta oilaviy poliklinika 5,1 milliard so‘mlik EKG va UTT apparatlari bilan jihozlandi. Joriy yilda yana 7 ta oilaviy shifokor punkti va 4 ta oilaviy poliklinika ochish rejalashtirilgan.

Aholini bepul dori-darmon bilan ta’minlash uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari 4 milliard 574 million so‘mlik 66 turdagi dori-darmon bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2022 yilda bepul beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati kengaytirilib, 80 turga yetkazildi.

Qo‘shrabot, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi olis hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlarini kadrlar bilan ta’minlash maqsadida “Qishloq shifokori” dasturi asosida 10 nafar shifokor ishga qabul qilindi va ular bir martalik 30 million so‘mdan moddiy rag‘batlantirildi hamda uy-joy bilan ta’minlandi.

– Aholiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarning 12 ta filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilib, xorijiy davlatlarda faoliyat olib borayotgan 36 nafar yetuk va malakali mutaxassislarimiz ishga jalb qilindi, – dedi X.Ochilov. – Natijada respublika tasarrufidagi klinikalarda o‘tkaziladigan 350 turdagi jarrohlik amaliyotlarining 318 turi viloyat davolash-profilaktika muassasalari amaliyotiga joriy etildi. Birgina Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida 30 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 48 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatildi va xorijda faoliyat olib borgan 20 nafar vatandoshimiz ishga olindi. Bu yerda yil davomida 9 mingdan ortiq murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Vohidov nomidagi respublika xirurgiya markazining filiali ochilib, ilk bor 10 nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Buyrak yetishmovchiligi bilan ko‘p yillar aziyat chekib yurgan bemorlarimizga qulaylik yaratish maqsadida gemodializ muassasalari soni 1 tadan 5 taga ko‘paytirildi. Shundan ikkitasi Kattaqo‘rg‘on shahri va Urgut tumanida tashkil etildi.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham bolalar sun’iy buyrak bo‘limi ochilib, hozirda 120 nafar bemorga gemodializ muolajalari o‘tkazilmoqda.

O‘tgan yil Urgut va Paxtachida tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilda Ishtixon va Bulung‘ur tumanlarida shunday markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Matbuot anjumanida davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan o‘tkaziladigan ochiq muloqoti oldidan viloyat shtabiga tushayotgan murojaatlar haqida ham ma’lumot berildi.