Oliy Majlis Senatining bu galgi yalpi majlisi deputatlarning xalqqa yaqinlashayotganini ko‘rsatdi

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida 31 ta masala, jumladan, 19 ta qonun, Vazirlar Mahkamasiga oid 4 ta parlament so‘rovi ko‘rib chiqildi.

Yigirma uchinchi yalpi majlis faoliyati onlayn rejimda Oliy Majlis Senatining rasmiy sayti orqali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida translyasiya qilindi.

Bu raqamlarni nima uchun aytib o‘tayapman?

Chunki birinchidan, parlament yuqori palatasining ish ko‘lami, samaradorligi ortib bormoqda. Ikkinchidan, senatorlarning mas’uliyati oshayapti.

Yalpi majlis ishining onlayn translyasiya qilinishining o‘zi Senat faoliyatidagi juda katta o‘zgarish bo‘ldi, deyish mumkin. Bu o‘z navbatida, hududlar manfaatlarini parlamentda ifoda etuvchi deputatlarning xalqqa yaqinlashayotganini isbotlab turibdi. Negaki, endi fuqarolar - saylovchilarga Senat majlisini bevosita kuzatib, nafaqat hududdan saylangan deputatning xatti-harakatlariga, balki butun Senat a’zolarining ishiga baho berish imkoniyati yaratilmoqda.

Yalpi majlis ishida ko‘rib chiqilgan 19 ta qonun yurtimizda demokratik islohotlar va yangilanishlarni izchil amalga oshirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Majlis kun tartibi doirasida yuqorida aytganimday Vazirlar Mahkamasiga oid so‘rovlar masalasi ham ko‘rib chiqildi. Masalan, senatorlar ota-onalar qarovisiz qolgan va mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputat sifatida bu masalaning dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashni istardim. Umuman, Senatning tegishli qo‘mitalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti bilan birgalikda o‘tkazilgan o‘rganish va tahlil mehribonlik uyida tarbiyalangan bolalarni jamiyatga ijtimoiy moslashtirishda qator muammolar borligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan bunday so‘rov yuborish zarurati yuzaga keldi.

Bundan tashqari, yalpi majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunalari ham ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Zaynab BERDIYeVA,

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 20-maktab direktori,

Oliy Majlis Senati a’zosi.