Oliy sud Samandar Qo‘qonovni oqlamadi
Kecha, 10 iyul kuni Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida S.Qo‘qonov ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘qonov Samandar Umarovich 1945 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Toshkent neft mahsulotlarini tushirish, ortish va taqsimlash korxonasining direktori lavozimida ishlagan.
S.Qo‘qonov 1994 yil 23 avgust kuni Jinoyat kodeksining (1959 yil tahriri) bir qator moddalari bilan ayblanib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
2016 yil 23 noyabrda ozodlikka chiqarilgan.
S.Qo‘qonov joriy yil 22 aprel kuni o‘zini oqlashni (reablitatsiya) so‘rab, kassatsiya shikoyati bilan Oliy sudga murojaat qilgan.
Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov xay’ati kassatsiya instansiyasi mazkur jinoyat ishini 12 iyunda ko‘rishni boshladi.
Sudlov hay’ati shikoyatda keltirilgan barcha vajlarni muhokama qilib, ishni har tomonlama o‘rganib, qonuniy baho berdi.
Sud ajrimga ko‘ra, S.Qo‘qonovning ayblovidan bir necha moddalar chiqarildi, boshqa moddalar bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirildi, qolgan moddalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga (1994 yil tahrirdagi) muvofiq qayta kvalifikatsiya qilindi. S.Qo‘qonovga tayinlangan 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi. S. Qo‘qonov jazoni to‘liq o‘tagani inobatga olindi.
Unga sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda shikoyat qilish huquqi tushuntirildi.