Oliy sud sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan 115 nafar shaxsni oqladi

Prezidentimizning 2020 yil 8 oktyabrdagi «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoyishi qabul qilingan edi.

Mazkur hujjat ijrosiga ko‘ra, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, respublika ishchi guruhi a’zosi B.Hasanov tomonidan 2021 yil 7 yanvar kuni mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan shaxslarning ro‘yxati taqdim qilingan.

Mazkur shaxslarning yetti nafariga nisbatan jinoyat ishlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining arxivida saqlanayotganligi aniqlanib, jinoyat ishlari chaqirtirilgan.

Oliy sudga 2021 yil 24 fevralda 115 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi kelib tushgan va ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Mazkur jinoyat ishlarida sud majlisi bayonnomasi yoki sud hujjatlari (hukm yoki boshqacha qaror) mavjud emasligi, ishlarda faqatgina OGPUning uchlik majlisi bayonnomasidan ko‘chirma borligi aniqlangan.

Jumladan:

  1. Nosirxon to‘ra (Nasirxan Tyurya Said Kamalxon Tyuryayev) va boshqalarga oid (92 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan.

1930 yil 27 oktyabrdagi suddan tashqari OGPUning uchlik majlisi bayonnomasi ko‘chirmasiga ko‘ra:

Mansurbay Shirgaziyev, Mat Ibragim Urunbayev, Djurabay Kari Mir Isxakov, Toxtasun Baltabayev, Xamra Xodja Mallya Xodjayev, Abbasxan Kari Aziz Xodjayev, Xalmirza Umurzakov, Xodjibay Abdubayev, Akramxan Tyurya Mallya Xodjayev, Muxamadiyev Axmadsha, Xasanbay Rustamov, Abdu Gani Sadikbayev – O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 78, 14-78 va 67-moddalari bilan otib tashlangan;

Abdujalil Mamatshayev, Mulla Fazil Babamuxamedov, Mulla Nugman Karimov, Mulla Sabit Tashmatov, Madat Babakulov, Raimbay Urumbayev, Mulla Usman Kari Dadabayev, Yuldashev Mulla Tadjibay – 10 yil muddatga konslagerda ozodlikdan mahrum qilingan;

Mulla Israil Sadikbayev, Mama Zakir Shukurbayev, Mulla Turdi Ashirmatov, Abduxalil Abdurazakov, Muxamed Sadik Maxmudbayev, Allyaxan Abdulla Xodjayev – 8 yil muddatga konslagerda ozodlikdan mahrum qilingan;

Xasan Xan Nasirxan Tyuryayev, Abdulla Kari Katta Sheyxov – 6 yil muddatga konslagerda ozodlikdan mahrum qilingan;

Kurbanbay Yusupbayev, Mulla Djurabay Bachebayev, Imam Ali Kasimbayev, Mamed Ali Said Muratov, Axmed Ali Said Muratov, Damulladjan Abulkasimov, Mulla Alixan Azizbayev, Abdul Axad Nishanbayev, Saydulla Maksudov, Dada Xodja Appak Xodjayev, Mat Ibragim Baratbayev, Mulla Abdulxay Kari Dadabayev, Zikriya Xodja Akramxanov, Abduxalik Abdugafarov – 5 yil muddatga konslagerda ozodlikdan mahrum qilingan;

Xodjam Berdi Madaminov, Karimbay Saidbayev, Raxmatulla Abdu Vaxabov, Askar Ali Abduvaxabov, Abduraxman Tapildibayev, Muxamedsha Kanoatshayev, Tyuryabay Kadirkulov, Xashimbay Xakimbayev, Mamarasul Tyuryabayev, Ata Mirza Abduraximov, Mulla Abdukadir Mamad Karimov, Payzibay Usmanov, Saidbay Ustababayev, Nuretdin Kari Asadullayev, Mulla Askar Nazarmatov, Sayfetdin Kari Abdujalilov, Baxram Maksudov, Inamdjan Kari Muxamed Aminov, Abdulladjan Kari Madraimov, Mulla Axmad Ali Abdu Fattaxov, Baltabay Urazaliyev, Mulla Mumin Rustamov – 3 yil muddatga konslagerda ozodlikdan mahrum qilingan;

Isakdjan Alibayev, Isametdin Xodji Nurmamedov, Mulla Mamadjan Karabayev – 2 yil muddatga konslagerda ozodlikdan mahrum qilingan;

Nur Muxamed Ustababayev, Barat Uzakbayev, Abdulladjan Madali Xodjayev, Dada Mirza Abduvaxidov, Muyetdinxan Shaidxan Xodjayev, Isanbay Urazbayev – 1 yil muddatga konslagerda ozodlikdan mahrum qilingan;

Xodjixan Mulla Karimbayev, Dadadjan Abul Kasimov, Imamxan Mumin Xodjayev, Baba Muxamed Dadadjanov, Shukurbay Shir Aliyev, Abdulla Bay Mansurbayev, Xalmamad Ustababayev, Ilmiyamin Yusupbayev, Uzakbay Lolakariyev, Akbar Xodji Abdu Vaxabov – O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 58, 67, 78, 14-78-moddalari bilan ularning OGPU uchlik majlisiga qadar qamoqda saqlangan vaqtini hisobga olib qamoqdan ozod qilinganlar.

Mavjud ish materiallaridan aniqlanishicha, ushbu jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida o‘tgan barcha shaxslar hibsga olingach, dastlab ayblovni inkor qilib kelgan bo‘lsa-da, so‘ng tayziqlar ostida ayblariga iqrorlik bildirib ko‘rsatuv berganliklari so‘roq bayonnomasida o‘z ifodasini topgan, ularning o‘rtasida yuzlashtirish o‘tkazilmasdan, faqat bergan ko‘rsatuvlari ishga tikilgan.

  1. Ibragimbek Chakabayev va boshqalarga oid (16 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan.

OGPUning 1932 yil 13 apreldagi bayonnomasidan ko‘chirma mavjud. Biroq OGPUning hukmi mavjud emas.

1932 yil 13 aprelda Ibragim bek Chakabayev, Abdukayum Parvanachi Ulayev, Ishan Isaxan Mansurxanov, Alimardon Datxo Muxamedov, Sulayman Salaxutdinov, Kur Artik Ashirov, Mulla Niyaz Parvanachi Xakimov, Mulla Axmad Biy Saidov, Tashmat Xodja Berdiyev, Azim Marka Astanakulov, Kuganbek Shiraliyev, Shaxasan Imankulov, Mirzakayum Cherov, Kugan Kendjayev, Alyat Palvan Il’mirzayev, Ishan Palvan Baxadur Zadega oid jinoyat ishi OGPU tomonidan ko‘rib chiqilib, otib o‘ldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmagan, jinoyat ishida sud hukmi yoki bayonnomasi mavjud emas.

  1. Teregulov Osman Igmatulovich va boshqalarga oid (4 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan.

Ma’muriy surgun qilish Komissiyasining 1922 yil 5 martdagi qaroriga ko‘ra, Teregulov Osman Igmatulovich, Yungerov Aleksandr Vasilevich, Muratov Iskandar Isxakovich va Gaynulin Zagidlulla Gayduloyevich Jinoyat kodeksining 60-moddasiga asosan aybdor deb topilib, O.Teregulov – 3 yil konslagerda, A.Yungerov 2 yil konslagerda jazo o‘tashi belgilangan;

I.Muratov va Z.Gaynulin javobgarlikdan ozod qilinib, Turkiston, Bashkiriya, Tatariston va Kavkaz Respublikalarida yashash huquqidan mahrum qilingan.

Xorazm Respublikasi favquloddagi sessiyasi Oliy Revolyusiya Tribunali tomonidan 1922 yil 18 noyabr kuni Jinoyat kodeksi 40-moddasiga asosan Teregulov Osman Igmatulovich, Yungerov Aleksandr Vasilevich, Muratov Iskandar Isxakovich va Gaynulin Zagidlulla Gayduloyevich otishga hukm qilingan.

Ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari alohida ish yurituvga ajratilgan.

  1. Daminov Latifga oid jinoyat ishi yuzasidan.

SSSR Oliy sud harbiy hay’ati sayyor sudining 1938 yil 15 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, L.Daminov otishga hukm qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

1938 yil 15 oktyabrdagi ma’lumotnomaga ko‘ra, Daminov Latifni otish haqidagi hukm ijrosi amalga oshirilganligi ko‘rsatilgan.

  1. Sultanov Gafurga oid jinoyat ishi yuzasidan.

1930 yil 27 oktyabrdagi Markaziy Osiyo Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Muxtor vakili qoshidagi Uchlik kengashi qarori bilan O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 58-modda 2-qismi (qurolli to‘dalar, sovet hududiga qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda bostirib kelishi) va 59-modda 3-qismi (Chet el davlatlari bilan aksilinqilobiy maqsadlarda aloqada bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topilgan va otuvga hukm qilingan.

  1. Kiramov Kivamga oid jinoyat ishi yuzasidan.

SSSR Oliy sudi harbiy hay’atining 1938 yil 9 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 58,64 va 67-moddalari bilan K.Kiramov otuvga hukm qilinib, barcha mol-mulki musodara qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan tegishli tartibda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protestlar keltirilgan.

2021 yil 25 avgust kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilib, keltirilgan protestlar qanoatlantirildi va JPKning 83-moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 115 nafar shaxs oqlandi.