“O‘lmas ovqat”: 50 ta tovuq boqib, kambag‘allikdan chiqish mumkinmi?

Jamiyatimizdan norozi odam emasman. Vatanimni eng vatanparvarman, deydiganlardan kam yaxshi ko‘rmayman. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p va xo‘p takrorlanadigan chetga “surish” xayolimga ham kelgan emas.

Lekin kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida o‘z fikrimni bildirmoqchiman.

O‘zi jamiyatimizda bunaqa toifa borligini keyingi 15-20 yil davomida tan olmadik. Faqat davlat rahbarining shu haqdagi fikrlaridan so‘ng odamlarimizning bir qismi kambag‘al ekanligi hukumat darajasida tan olindi.

Bugun qaysi OAVni ko‘rmang yoki o‘qimang, kambag‘allikni qisqartirish haqida ko‘rsatuv yoki maqola berilyapti. Bu boradagi ishlarda eng ommalashgan usullardan biri – bekor yurgan kambag‘allarni jamoat ishlari bilan band qilish. Insof bilan aytingchi, jamoat ishiga olingan kambag‘al necha so‘m oylik ish haqi oladi? 600 nari borsa 800 ming so‘m. Lekin shuyam harnada, deyishingiz mumkin. Hamma gap ana shu “harna”da.

“O‘lmas ovqat” degan terminni bolaligimda buvim (aslida katta ena derdik) rahmatlidan eshitganman. O‘sha katta enam, sobiq ittifoq endi parchalangan 1991-1994 yillarda 5-6 bosh qoramolini kuzda sotardi (odatda 15-20 bosh qoramol, 50-60 bosh qo‘y qilardi. Ulov sifatida foydalanish uchun kamida ikkitadan ot va eshak saqlardi). O‘sha sarmoyaga Samarqanddan, goho Toshkentdan ulgurji narxda un olib kelib, qishloqda chakana narxlarda sotardi.

Erta bahorda qo‘lida to‘plangan pulga yangi (o‘sha paytlar golland navli kartoshka urug‘lari kirib kela boshlagandi) kartoshka urug‘lik olib kelib, ikki-uch gektar yerga ektirardi. Bu ishga barcha o‘g‘il-qizlari va nevara-chevaralari jalb qilinardi.

Ayni o‘sha davrda katta enam kelinlardan biriga masalliqlarni ajratib berib, tushlikka “o‘lmas ovqat” qilishni buyurardi. Endi o‘ylab qarasam, o‘sha “o‘lmas ovqat”larni eslasam, kamxarj bu taomlar, tez tayyor bo‘lishi va har holda kuchdan qolmaslik uchun (dasturxonga kelmaganlarga "jiliging qurib ketmasin, ol biron narsa ye", deb qo‘yardi, katta enam) xizmat qilar ekan.

Bugun kambag‘allikni qisqartirish uchun qilanayotgan ishlar ham “o‘lmas ovqat”ga o‘xshaydi. Ha, aynan o‘lmas ovqatga.

Misol uchun, bugun kambag‘allarga berilayotgan yordamning eng “urf” bo‘lgan usuli jo‘ja berish (tovuq emas). To‘g‘ri, parranda yetti xazinaning biri, ro‘zg‘orga baraka olib keladi. Lekin jo‘ja bilan kambag‘allikdan chiqishga ishonish qiyin.

Odatda, kambag‘allarga 50 nari borsa 100 dona jo‘ja berilayapti (hali 1000 dona tekin jo‘ja berilganini eshitmadim, balki bordir). Ammo kamida 35-40 kun 100 bosh jo‘ja boqib, arzirli daromad olib bo‘lmaydi.

Nega deysizmi? Fikrimni aniqlashtirishga harakat qilaman. Deylik, 10 ming va undan ko‘p jo‘ja boqayotgan tadbirkorlar ham tovuq go‘shti yetishtiradi va ularning aksariyati tovuq uchun ozuqani o‘zi tayyorlaydi. Bu esa tabiiyki mahsulot tannarxiga ta’sir qiladi.

Kambag‘allikdan chiqishi kerak bo‘lgan kishi esa 100 bosh jo‘ja uchun yemni ikkinchi, ayrim hollarda uchinchi qo‘ldan sotib oladi. Bu esa u yetishtiradigan go‘sht narxi oshib ketishiga sabab bo‘ladi.

Boshimdan o‘tkazganman. Yaqinda inkubatsion sexlarning biridan 4,5 ming so‘mdan 500 bosh broyler jo‘ja oldim. 40 kun kilogramini 5100 va 5500 so‘mgacha narxda yem sotib olib boqdim. Xullas, ikki kilogramm tosh bosguncha 20-25 ming so‘mlik yem yegan broylerlarni sotmoqchi bo‘lib, bozordan tovuq go‘shtining narxini so‘radim.

- Tozalab keling, 14-15 ming so‘mdan olamiz, - deyishdi.

Qirq kun jo‘ja boqqan xotinimga yonimdan 500 ming so‘m chiqarib berdim.

- Daromading yomonmas, shu foydaga qoldi, - dedim ko‘nglini cho‘ktirmaslik uchun...

Umuman, tovuq boqayotgan tadbirkor 10 ming bosh jo‘janing har biridan 1000 so‘mdan sof foyda olsayam yetadi. Shunda ishchilariga bergan ish haqidan tashqari, 35-40 kunda 4,5-5 million sof foyda qiladi.

Kambag‘al oila esa 50 bosh jo‘ja boqib, 1,5 oyda 50 ming so‘m foydaga ega bo‘ladimi? Qaysi formula bilan hisoblasangiz ham 100 bosh, boringki, ming bosh broyler jo‘ja boqayotgan kambag‘al 40 kunda 2,5 million so‘m sof foyda olmaydi. Ololmaydim, ham.

Eng yomoni, broyler jo‘ja shunaqa injiq narsaki, o‘sha kambag‘alni 100 boshiyam, tadbirkorni 10 ming boshiyam bir yoki ikki kishini doimiy band qilib qo‘yadi...

Aytgancha, katta enamning tushlikdagi “o‘lmas ovqat”larini yeb, yoz - olti oy dalada band bo‘lgan qarindoshlarim kuzda 3 tonnadan 5 tonnagacha kartoshkali bo‘lardi. Bu qishi bilan “jon saqlashi”, dasturxonda hech bo‘lmasa, ikkinchi non – kartoshka bo‘lishini ta’minlardi. Tabiiyki, keyingi yili yana ko‘proq daromad qilish uchun jon kuydirib ishlardik...

Ko‘rmaganman, eshitganman. Ozarbayjondayam kambag‘allikdan chiqarish uchun bundan 4-5 yil burun aynan mana shu usuldan foydalanishgan va faqat ular kambag‘allarga kamida minglab jo‘ja berishgan ekan. Va muhimi, sanoat usulida (10 ming va undan ko‘p) broyler jo‘ja boqish uchun soliq stavkalarini katta qilib qo‘yishgan. Shu orqali kambag‘allarga xonadonida broyler jo‘ja parvarishlash orqali yaxshigina daromad olish imkoniyati yaratilgan.

Albatta, tadbirkorlarga ham “bo‘ldi, endi parranda bilan shug‘ullanmanglar”, degandek munosabatda bo‘lishmagan. Ularga qayta ishlash bilan shug‘ullanish uchun imtiyozlar berilgan. Shundan so‘ng, katta-katta tadbirkorlar broyler jo‘ja boqmasdan, xonadonlarda yetishtirilgan parranda go‘shti sotib olib, uni qayta ishlash, undan turli tayyor oziq-ovqat tayyorlashga o‘tgan. Ya’ni, jo‘jani boqish kambag‘allarga qoldirilgan.

Men shu usulni qo‘llash kerak, demoqchimasman. Aytmoqchi bo‘lganim, kambag‘allarga 50-100 ta tovuq tarqatib, shuncha oilaga daromad manbai yaratdik, deb hisobot bermang!

Yoqubjon MARQAYeV.