"Omikron" shtammi dunyoga xavf solmoqda, bizda tarqalib ketishining oldini olish uchun nima qilinyapti?
Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusning "Omikron" shtammi xorijda tez tarqalayotgani sabab O‘zbekiston bir necha davlatlar bilan xalqaro aviaqatnovlar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish)ni to‘xtatilganini ma’lum qildi. Xo‘sh, uning yurtimizda tarqalishining oldini olish uchun qanday tadbirlar ko‘rilyapti?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati O‘zbekistonga ushbu - koronavirusning SARS-CoV-2: B.1.1.529. (Omikron) varianti kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qator tadbirlar belgilanganini ma’lum qildi.
Viruslar - oddiy, hujayrasiz organizmlar, ularda o‘zgaruvchanlik yuzaga kelishi tabiiy hol. Masalan, hozirgacha koronavirusning qo‘zg‘atuvchisi, ya’ni SARS-CoV-2ning 7 mingdan ziyod mutatsiyaga uchragan shtammlari aniqlagan. "Omisron" ham shulardan biri.
Yurtimizga koronavirusning turli shtammlari har safar xorijdan qaytgan fuqarolarimiz orqali kirib kelganini hisobga olsak, hatto Janubiy Afrika davlati bilan bevosita aviatsiya aloqasi mavjud bo‘lmagan taqdirda ham kasallikning ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali O‘zbekistonga kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas.
O‘tgan davrda bizda COVID-19ni davolash bo‘yicha katta tajriba to‘plandi. Bu haqli ravishda xalqaro miqyosda ham e’tirof etilyapti. Shu ma’noda, tashhis, davolash va muhofaza qilish bo‘yicha yurtimizda shakllangan tajribalarni amalga oshirsak, kasallik qanday intensivlikda tarqalmasin, asoratlarsiz tuzalib ketishiga zamin yaratish mumkin.
Karantin bilan bog‘liq profilaktik choralar bekor bo‘lgani yo‘q. Ammo odamlarimiz tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi oddiy qoidalarga ham yetarlicha amal qilmay qo‘ygani achinarli holat.
Yangi shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olishda shunday profilaktik chora-tadbirlar juda muhim xisoblanadi.