Onasi va ayoli bilan soxta pul tayyorlagan erkak ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan Yangiyo‘l shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda qalbaki pul tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, 1993 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro Yangiyo‘l shahridagi yashash manzilida onasi hamda fuqarolik nikohidagi ayoli bilan birga qalbaki milliy valyuta tayyorlash bilan shug‘ullangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ulardan 19,6 mln. so‘m miqdoridagi 196 dona qalbaki 100 ming so‘mlik kupyura, 2 ta kompyuter, 2 ta rangli printer, qog‘oz kesish uskunasi va boshqa ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, ularning yashash xonadonida 1 dona pnevmatik to‘pponcha borligi ham aniqlanib, tegishli tartibda olib qo‘yildi.
Bundan tashqari, qalbaki valyuta sotib olish uchun kelgan Nurobod tumanida yashovchi, 1971 va 1984 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar shaxs ham hibsga olindi.
DXX matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.