10 ming so‘mlik pullarni yasab, uni meva bozorida o‘tkazmoqchi bo‘lgan samarqandlik yigit ushlandi

Samarqand shahrida bir uyni ijaraga olib, o‘ziga tegishli bo‘lgan rangli printerda 10 ming so‘mlik kupyuralarni soxtalashtirgan yigitning xufiya ishlari oshkor bo‘ldi.

U harakatlari davomida ijaraga olgan xonadonida jami 250 dona soxta 10 ming so‘mlikni rangli printerida ishlab chiqaradi va bu pullarni bilintirmay o‘tkazish yo‘llarini izlaydi. Bu pullarni muomalaga kiritish uchun tungi paytda ishlovchi va odam gavjum maskan - mol bozor yoki meva bozorini tanlaydi.

Go‘yoki, yigitcha bu ishi uchun uzoqroq manzilni tanlasa, aybini hech kim sezmaydigandek, Buxoroga boradi va 27 aprel kuni "Buxoro meva-sabzavot bozori"dan ko‘p miqdorda pomidor sotib oladi. Tabiiyki, sotuvchiga o‘zi soxtalashtirgan 2 million 430 ming so‘m pullarni bilintirmay o‘tkazib yuboradi.

Sotuvchi murojaatiga ko‘ra, holat yuzasidan shu kunning o‘zida Buxoro shahar IIB xodimlari tomonidan tezkor guruh tuzilib, surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Natijada ushbu faqaroning xonadonidan shu kunning o‘zida ashyoviy dalil sifatida pullarni soxtalashtirishda ishlatilgan rangli printer va boshqa kerakli uskunalar rasmiylashtirilgan.
Fuqaroga Jinoyat kodeksining 176-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.