Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Online-maktab darslari qachondan boshlanishi ma’lum qilindi

Joriy yil 14 sentyabrdan boshlab Respublika umumta’lim maktablarida 2020/2021 o‘quv yili boshlanadi.

Bunda ta’lim shaklini onlayn tarzda tanlagan hamda maktabining faoliyati hali tiklanmagan o‘quvchilar belgilangan dars jadvali asosida o‘quv dasturini o‘zlashtirib borishlari mumkin, deyiladi Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati xabarida.

Televizion darslar joriy yilning 14 sentyabridan boshlab  O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 3 ta telekanalida dushanbadan shanbagacha har kuni soat 8:30 dan boshlab Online-maktab turkumida namoyish etib boriladi.

Online-maktab darslari “UzDigital TV” tarmog‘ida quyidagi telekanalar orqali efirga uzatiladi:

➖ 1-4 sinf o‘quvchilari uchun — National Geographic

➖ 5-8 sinf o‘quvchilari uchun — Eurosport

➖ 9-11 sinf o‘quvchilari uchun — Oxota i ribalka.

Kabel televideniyesi va IP TV tarmoqlarida:

➖ 1-4 sinf o‘quvchilari uchun — National Geographic

➖ 5-8 sinf o‘quvchilari uchun — “TVS”

➖ 9-11 sinf o‘quvchilari uchun — “Fashion TV”.

Darslarni parallel ravishda quyidagi internet resurslar orqali kuzatib borish mumkin: 

🖥https://t.me/uzeduonlinemaktab;

🖥mover.uz/channel/uzedu 

🖥Youtube kanali;

🖥Kundalik.com hamda onlayn maktab elektron portali orqali.

Shuningdek darslar Mediabay.uz, Mover.uz saytlariga hamda ijtimoiy tarmoqdagi telegramm kanallariga ham joylashtiriladi.

Online-maktab televizion darslari Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda ZO‘R TV bilan hamkorlikda tasvirga olinmoqda.

Darslarni tasvirga olish uchun A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti va Respublika tashxis markazida jami 6 ta studiya tashkil etildi.

Televizion darslarni tasvirga olishga jami davlat va nodavlat ta’lim muassasalaridan jami 117 nafar tajribali va malakali pedagoglar, 12 nafar surdo-tarjimon va 15 nafar muharrirlar jalb qilindi.

Televizion darslarning jadvali kunlik tarzda Xalq ta’limi vazirligining rasmiy sahifalari orqali e’lon qilib boriladi.