Oq surat yoxud Afg‘on urushi ishtirokchisi hayotidan hikoya

Rivoyatga ko‘ra inson dunyoga kelgach to‘rt oyoqlab emaklaydi, keyin ikki oyoqlab yuguradi, so‘ngra uch oyoqlaydi yoxud yiqiladi…

Bu xususda ko‘p yozilgan, gapirilgan. Yozayotganlarim eski fikrdek tuyulsa, uzr! To‘g‘risi, nimadan boshlashni uzoq o‘yladim. Yangi gap topolmagach, shu eski sinalgan va qulay usulga murojaat qildim…

   Menga Hotam haqida yozish og‘ir – uni yaxshi tanirdim. Ammo o‘ylab ko‘rsam, inson sifatida bilmas ekanman. Uning qiyofasi elas-elas esimda saqlanibdi. Qancha intilsam-da Hotamning chexrasi, surati ko‘z o‘ngimda to‘liq tiklanmadi. Nigohi xotira sandig‘imning eng tubiga tushib ketganday – hech aniq-tiniq ko‘rolmayman: go‘yo, qora-oq surat butunlay oqqa aylanadi. Odatda, oramizdan ketganlarning ruhi, ularning jismlari soyasini ham olib ketishganida shunday bo‘ladi.

Hotam tabiatan og‘ir, sipo, oddiy qishloq yigiti edi. U bilan universitetda, filfakda, bir kursda o‘qiganmiz. Oradan o‘n yil o‘tib, kursdoshlarning birinchi uchrashuvi bo‘lgandi, ammo Hotam kelmadi. Kimdir aytdi – u Afg‘ondan qaytmabdi…

U paytlar oliy maktab talabalari o‘qishni tugatgach, askarlikka olinardi. Hotam Afg‘onistonda xizmatda ekan. Halok bo‘libdi, qahramonlarcha!

Kursdoshlar uchrashuvining so‘ngida Turdi degan yigit o‘qish paytida tutgan kundalik daftarini o‘qib berdi…

Universitet xiyobonining salqin burchagida talabalik yillarimizni xotirlab, qayta-qayta Turdining kundalik daftariga murojaat qildik. Goh kulgi, goh tashvish bilan do‘stlarni esladik. Do‘stlar suhbatini tinglar ekanman, Turdining kundalik daftaridagi Hotam to‘ldirgan sahifa ko‘z o‘ngimda turaverdi. Turdidan daftarni so‘rab oldim.

 Kimdir Hotamlarnikiga fotihaga borishni taklif qildi. Yigitlar rozi bo‘lishdi: mashinada yo‘lga tushdik.

   Shahar biqinidagi qishloqni oson topdik. Hotamning ota-onasi uyida ekan. Men bilganimcha tilovat qildim…

   Hotamlarning hovlisi juda bejirim, serdaraxt edi. Lekin men hovlining hikoyamda keltirishim mumkin bo‘lgan biron narsasini eslab qololmadim. Hotamning halokati butun vujudimni larzaga solgan edi. Esimda qolgan narsa bizga tanish – bir vaqtda o‘qigan ekanmiz – singlisidan Hotamning xatlari saqlanganmi,  deb so‘raganim bo‘ldi, xolos. Yaxshiyam savolimni ko‘pchilik ilg‘amadi, bo‘lmasam noqulay bo‘larmidi… Mashqlarimdan  xabardor qizgina «U haqda yozasizmi?» deb so‘radi. «Ehtimol, - dedim  ishonchsizlik bilan, - agar material topsam…». «Xatlari onamda, bermaydilar, - shivirladi Hotamning  singlisi og‘rinqirab, - ammo armiyada yozgan kundalik daftari menda saqlanib qolgan». Yuragim xapriqib ketdi: «Iltimos! Shu daftarni menga bering!» - deb yuborganimni bilmay qolibman. Qiz yuzimga bir zum tikilib, o‘ychan so‘z qotdi: «Lekin daftar to‘rt yoki besh saxifa, xolos, qolgani quroldoshlarining adreslari-da?!». «Baribir menga bering!» – xokisor singil iltimosimni qondirdi.

Shu tarzda Hotamning turli davrda, turli joyda yozgan kundalik daftarlari, aniqrog‘i, shunday daftardagi sahifalar qo‘limga tushib qoldi. Men bir yil davomida mavjud sahifalarni ulab, o‘zimcha bir narsalar yozmoqchi bo‘ldim. Oxir-oqibatda hech narsa yozolmaganimdan kundaliklarni Hotam qanday yozgan bo‘lsa, shundayligicha chop qilishga qaror qildim. Toki Hotamning ruhi shod bo‘lsin. Faqat ba’zi ismlarni har ehtimolga qarshi o‘zgartirdim. Matnni ayrim juz’iy kamchiliklarni to‘g‘riladim va badiiylashtirdim.

Zukko o‘quvchi bunday kundaliklarni ko‘pini o‘qigan bo‘lsa, ehtimol. Meni Hotamning yozuvlarida o‘zligi, o‘z «ShAXSI» uchun kurashayotgan inson qiyofasi hayratga soldi…

O‘quvchida bu hikoya badiiy yoki hujjatli ekanligi haqida savol tug‘ilishi mumkin. Bu yog‘i o‘quvchining o‘ziga havola. Axir bu asosiy narsa emasku?!

I

  1. Xonto‘rayev Hotam Bo‘ronovich

Ming to‘qqiz yuz oltmish olti,

Bulutli kun, yigirmanchi mart,

Men dunyoda paydo bo‘libman

Shundan buyon bulutli siyrat.

Manzilim: O‘zbekiston, Samarqand viloyati, Sanchiqul qishlog‘i.

  1. Kutgan kunimni so‘rabsiz – u meni kutayotgan kun. Iloyim hozirgidek Hotam bo‘lay!.. Faqat shubham katta. Uylansam – qanaqasi uchraydi, kimga aylantiradi, vo darig‘!

Bu hazil edi. Jiddiy aytadigan bo‘lsam men bugun bilan yashayman. Meni kunlar emas, daqiqalar qiziqtiradi. Men otashman! Men kunim borligi uchun emas, mening borligim uchun quyosh chiqib, kun kelsa deyman va ishonaman. Men – umrman! Men hayot hokimiman! Kunlarni emas, kunlar meni kutsin! Men insonman, hoqonman, shaxanshohman!!!

  1. Sizmi? Siz – do‘stim, avvalambor, ko‘nglingizga olmang, rostini aytaman, lattasiz! O‘zingizga hech qachon shoh bo‘lolmaysiz. Hatto o‘z umringizning hokimi emassiz. Siz – ojiz banda, omma fikridan qo‘rqadigan, kattalar va ko‘pchilik atalmish mavhum zotlar qulisiz. Sizning salohiyatingiz va erkak sifatidagi qudratingiz xotin, bola-chaqangizga yetar, balki. Bu ham chechamga bog‘liq. O‘tkir ayol chiqadigan bo‘lsa bir umr notavon, so‘zi xotiniga o‘tmas, bechora er bo‘lib yashaysiz. Xulosa qiladigan bo‘lsam, beziyon ayolmand yigitsiz. Xafa bo‘lmangku-ya, hatto sizning “Turdi” ismingizda ham kinoya, rahm-shafqat, kerak bo‘lsa qismat oldida o‘tinch va yolvorish mavjud. Ammo baribir yomonlikdan peshsiz. Buyog‘i peshona!

Achchiq gaplarim uchun kechirasiz – do‘st achitib gapiradi.

  1. O‘zimni bir so‘z bilan kim deb atashim mumkin?.. Jo‘ra, savollaringiz puxta o‘ylanmabdi. Har qalay javob beradigan bo‘lsam, men – Yoqimsizman! Hayron bo‘larsiz. Bilaman, ko‘plar xarakterimni yoqtiradi. O‘zim esa… mening siyratimni hech kim anglamaydi. Mashrab aytganidek, “Dilda darding bo‘lmasa, sardaftarim kovlama”.

Kundan kunga o‘zgarib borayotganga o‘xshayman. Avvallari hammaga yaxshi ko‘rinishni hoxlardim, hozir esa undaymas. Ko‘pga yoqaman desang, o‘zingga o‘zing yoqmay qolarkansan. Hotam bo‘lib tug‘ildim, qaniydi uning davlatiga ham ega bo‘lib olsam…

  1. Ijodimdan namuna so‘rabsiz, bilasiz nasrda yozaman, ammo hech kimga ko‘rsatmaganman. Shu kundalik daftaringiz mendek tarixiy shaxsni ixtiro eta qolsin:

NITsShEGA TAQLID

(falsafiy asardan sahifa)

Siz balandlikka intilganingizda yuqoriga qaraysiz, men esa pastga – chunki men yuksalib bo‘lganman.

F.Nitsshe. “Zardushtiy shunday degan”.

Shaxs halokati haqida.

O‘lim ham yashaydi. Hayot qanchalik haqiqat bo‘lsa, o‘lim shunchalik mavjuddir. O‘limdan qo‘rqqan kishi shaxs bo‘lolmaydi. Ammo shaxslar ham o‘ladi, faqat sekinroq va bo‘limlarga bo‘linib. Men birovning qisman o‘lishini kuzatganman.

Bir kun mardlik qilmoqchi bo‘ldim.

Bir do‘stimga hayot haqiqatini aytdim. Aytganda ham o‘z tilimda pardalab, hatto qog‘ozga tushirib aytdim. Bu irimchi do‘stim baribir o‘zini tanib qoldi. Men odatdagi tajriba sifatida uning buyuk asarlarini mayda, uning qudratli ruhini ojiz deb atadim.

Uning mardligi yig‘lab yubordi. Donoligi sochilib ketdi, illo ranjidi. Mening qotillik qilayotgan ilhomim chehrasiga qarab, raqibim bir nimalar deb na’ra tortdi. Ammo u o‘zidagi haqoratning zaharli tig‘i bilan yaralanib ulgurgan edi. Shunday tarzda shaxsning o‘zi uchun noto‘g‘ri bo‘lgan gapga sabr-bardoshi vafot etdi.

Mayda qurbonlik berishning arafasi uyqu hisoblanadi.

Uyqu qo‘rqinchlidir. Uxlasang oyog‘ing ostidan tayanch ketadi. Uyqu eng katta o‘g‘ri - u tafakkuringni o‘g‘irlaydi. Tafakkurini yo‘qotgan kimsa o‘z xolini anglamasdan aljiraydi – oqni qora deb ataydi.

Tog‘ni siljitganlar qir-adirni ham siljitadi.

Sen xilvatga bor! Sen buyuklar shovqinidan va chivinlar chaqishidan zada bo‘libsan, ko‘rdim.

O‘lim sen hali uzoq yasha, faqat bizdan nariroq.

Zardushtiy shunday degan bo‘lardi.

 Hotam Al-Parij.

  1. Qayerga borishni hohlaysiz?..

Shunaqa ham savol bo‘ladimi? Albatta, Nyu-York, Parij, Makka va hokazo. Umuman, bu savollaringiz meni bolalikka haydamoqda. Chindan qayerga borishni hohlayman? Parijga! Faqat Parijga! Tasavvur qiling, Turdi! Siz - chiroqchilik, men – sanchiqullik o‘zbeklar Notrdamni ziyorat qilayapmiz! Keyin Eyfel minorasining oldiga borib, unga Registondan salom aytamiz. Agar parijliklar va u yerdagi tarixiy minoralar biz bilan gaplashmasa, unda ustimizdagi oq smoking va kapalak galstuklarimizni yechib tashlab, qandaydir sun’iy yulduzlar emasligimizni, xatto tijorat va o‘g‘irlik qonimizda yo‘qligini aytamiz – “Biz haqiqiy jaydari o‘zbeklarmiz” – deb jar solamiz, qo‘shiq aytib, she’rlar o‘qiymiz. Mabodo gaplashaverishmasa, Parijdan xafa bo‘lib ketamiz. Qaysidir samarqandlik shoir aytganidek: “O Parij, men borayapman!”

Turdi,  Parijga borish uchun hech bo‘lmasa frak – dumli kastyum tiktiring. Bo‘lmasam, shaharga kiritishmaydi. Otangiz bergan pulga “ha” deb Samarqandning bozori nonidan yemay, buxanka iste’mol qiling! Axir, bu holda Parijga borib bo‘ladimi… Mana men stipendiyamni yig‘ib yuribman, bo‘lmasam tuflimdan jimjilog‘im chiqib qolgan. Shuni ham tiktiraymi – bu yog‘i yoz, tezda shippakka o‘tamiz. Yo‘q, axir siz o‘ylab ko‘ring, Parij-a!

Do‘stim! Bu gaplarim uslubiy jihatdan va hokazo tomonlardan noto‘g‘ridir, ammo ko‘nglimdagi gaplar ekanligi haq rost. Orzuga, ayb yo‘q. Qishloq -  shahar, shahar – qishloq, qishloq – shahar… zerikdim. Juda-juda zerikdim: “O Parij, men borayapman!”.

R.G‘.  Turdi kundaligining shu yerida Hotam yana sanani yozib imzo chekkan - Hotam Al-Parij. Nima edi bu – shunchaki oliftalik, yoshlik beboshligi, jahonshumullikka bo‘lgan ehtiyoj, an’analarga nopisandlik, oddiy taxallus? Meni buni izohlolmadim… Qandaydir noaniqlik hissi ko‘nglimda qoldi.

Har kim o‘zicha tushungani ma’qul.

Men bebaxtning navbatdagi daftarini varaqlashga tushaman.

II

198___ 17 may

Uydan chiqqanimga bir oydan oshdi. Bir oy Turkmanistonning Kazanjiq degan joyida karantinda bo‘ldik. Qum, changni inobatga olmasak, olatasir soldat hayotining e’tiborga molik jihati yo‘q. Oxirgi kungacha fol ochdik: birov Germaniyaga, birov Vengriyaga olib ketadi deyishdi. Men Kazanjiqda hamshaharlarimni topdim – shu yerdagi polkda xizmat qilishar ekan. Ular o‘z polklarida omborchi bo‘lib qolishimni taklif qilishdi. Qaysi nodon Yevropani qumliklarga almashtiradi?

27 may

Vengriyaga kelib tushdik. Butun harakatlarimiz o‘ta maxfiy. Bu yerga uchishimizdan oldin Ukrainaning bir shahrida Kazanjiqda kiygan askar kiyimlarimizni “grajdanka”ga almashtirishdi. Yetmishdan ortiq yigit import kastyum-shim, shlyapa, galstuk taqishdi. O‘lay agar, qishlog‘imizdagi Shodi bug‘olterning o‘g‘li ham bu kiyimlarni kiymagan. Jeyms Bondning o‘zi bo‘ldik-qoldik. Eng qizig‘i, Vengriyaga kelgach, uch kun Xaymashker degan shaharda izg‘idik. Hech bir nazorat yo‘q – ehtimol bo‘lgandir?! Aql bovar qilmaydi - men Yevropada kezib yuribman! Har qalay bu tush emas edi. Men mudom o‘zimni nazorat qilishga urindim, ayrim yigitlar ichib olishibdi…

Vengriyada o‘tgan uch kunda jinni bo‘lib qolayozdim. Meni bu holga musicha galalari soldi – ular o‘ta ko‘p ekilgan chinor barglaridan ortiq edi. Bu “musichai-bezarar”larning g‘u-g‘ulashi miyamni qoqib qo‘limga berdi. Parkda musicha, maydonda musicha, yo‘lda musicha!

Xayriyat, uch kunda bizlarni yig‘ishtirib, Moskvaga jo‘natdilar.

18 iyun

So‘nggi yozuvimdan nazarimda bir asr vaqt o‘tdi. Dastlab harbiy sirni ochib qo‘ymayin, deb yozmadim, endi esa zerikish va … o‘lib ketishdan qo‘rqqanimdan yozayapman.

Men A F G‘ O N I S T O N D A M A N!

… Men bor-yo‘g‘i bir kun Moskvada bo‘ldim, ammo shaharning “sh” harfini ham ko‘rmadim. Qandaydir harbiy qismda bizni uch kishilik guruhlarga bo‘lib instruktaj o‘tkazishdi: afg‘onga jo‘narkanmiz. Qandaydir harbiy maslahatchilarga tan qo‘riqchilik qilarkanmiz. Ko‘nglimni ham g‘urur, ham qandaydir shubhali tashvish qopladi. Hech narsani bilmasdim, aniqrog‘i, u kunlar bilmasdim – tasodif taqdirimni boshqarardi.

Moskvadan samolyotda uchdik. Toshkentga qo‘ndik, ammo tushmasdan Qobulga jo‘natdilar. Men oliy ma’lumotli ekanligimni doim yodda saqlab, o‘zimni sipo tutishga urindim, lekin ehtiroslar og‘ushida hali urush-urush o‘ynayotgan bolalik meni o‘z bag‘riga olib ketdi o‘shanda.

Oradan uch kun o‘tgach, bolaligim va mening askarlik hayotim o‘rtasida asrlar yotgan bo‘ladi.

Bolaligim o‘lib qoladi.

Borliqni dahshatli afg‘on tunlari qopladi!

23 iyun

Xizmat joyim tog‘ bag‘ri. Xizmatdoshlarim uchta rus va bir tojik ofitseri hamda to‘qqizta askar. Atrofimizda afg‘on armiyasi – ular “dushmanlarga” qarshi urush olib borishadi. Biz qo‘riqlaydigan ofitserlar rasmiy afg‘on hukumati armiyasining maslahatchilari ekan…

24 iyun

Kundalik daftar tutish man qilingan ekan. Shu sababli yozganlarimni doim cho‘ntakda olib yuraman.

Bir g‘orda yashaymiz. Biznikilar uni “Ajal g‘ori” deb atashadi. G‘orga harbiy palatka qurganmiz. Tunda uch kishi-uch kishidan bo‘lib g‘or og‘zini qo‘riqlaymiz. Kunduzi bir kishi postni egallaydi. Uzoqroqda afg‘on armiyasining navkarlari qorovullik qilishadi. Afg‘onlar orasida o‘zbeklar ham bor ekan…

Bugun kechasi jitomirlik Sashani o‘ldirishdi. Birinchi marta haqiqiy otishmada ishtirok etdim. Shu vaqtga qadar otishma bizga tegishli emasday tuyulardi, chunki ko‘proq vaqtimiz afg‘on postlarida kechardi. Ammo bu safar dushman mo‘ljalli o‘q uzdi. G‘orning uncha katta bo‘lmagan og‘zi “Zamin-zamin” PTURSlaridan o‘qqa tutildi. Men oy yorug‘ida toshlarni panalab yugurayotgan odamlarga, tirik zotlarga qarata ilk marta o‘q uzdim. Tegdimi, yo‘qmi, bilmadim.

Sashaning o‘limi meni bir kechada toshbag‘ir qilib qo‘ydi. Men jangchiga aylandim!

Sasha mendan bir yil oldin xizmatni boshlagan edi. Bechora doim yarim yalang‘och bo‘lib olib “Bizga esa baribir” (“A nam serovno”) qo‘shig‘ini xirgoyi qilganicha qurol tozalarkan, afg‘onlar so‘ziga quloq solar va tinimsiz mendan tarjima qilib berishimni so‘rardi. Nimalar ko‘nglidan o‘tar ekan shu paytlar bechoraning? Biz doim bir vaqtda postga chiqardik. Men urushning go‘yo mayda-chuyda bo‘lgan, ammo ko‘pincha o‘limdan saqlab qoladigan hiylalarini Sashadan o‘rganib qoldim. U necha marta mening boshimni o‘qdan saqlab qolgan. Men uning jonsiz boshini tizzamga olib o‘tirgan bir necha lahzada shu xayollar boshimdan kechdi…

Sashaning o‘limidan roppa-rosa to‘rt soat o‘tgach, u haqida yozayapman. Maslahatchi ofitserlar boshlig‘i polkovnik M. “Qora lola” – vertolyot murdani olib ketgach, bu ikki yil davomida g‘ordagi 13-murda ekanligini aytib, barcha soldat va ofitserlarga yuz grammdan aroq ulashdi va tungi kutilmagan dushmanlar hujumida rasmiy afg‘on askarlarining “qo‘li” borligini qistirib o‘tdi.

26 iyun

Men har kun bir yoshga ulg‘ayayapman. Mana g‘orning tashqarisida afg‘on askari Ahmad bilan palov pishirayapmiz. U kamgap, og‘ir odam. Men undan gap so‘rayman, Ahmad iloji boricha javobga chap beradi. Goh forscha, goh o‘zbekchalab bola-chaqasi haqida so‘rasam, nashani miriqib tortib olgach, bechora afg‘on “Murdagi!” deganicha qovoq osib, olovga zo‘r beradi; rus ofitserlar uymalashayotgan tepalikka qarab g‘udranadi. Uning rahmat aytmayotganini tushunaman.

Ahmad menga ham sovuq, sinovchan nazar tashladi-da, bir xulosa chiqarmoqchi bo‘lganday nasha o‘ralgan papirosini tutatadi, men ham bir tortib qaytib beraman – yoqmaydi, keyin bangi bo‘lib qolishdan qo‘rqaman. Ahmad “o‘ris-sho‘rolar”ni oshirib so‘kadi-da, o‘z tarixini afg‘onchalab aytib beradi.

Tog‘da cho‘ponlik qilar ekan. Bir kun sovet desantlari ularning o‘toviga bostirib kelibdi. Beshta askar ekan. Nasha talab qilishibdi. Otasi chiqarib beribdi. Nasha chekib mast bo‘lgan askarlar Ahmadning xotiniga tashlanishibdi. Kelinini himoya qilmoqchi bo‘lishganda chol va kampirni otib tashlashibdi. Ahmad bu payt qo‘y boqib ketgan ekan…

Kun bota boshlaydi. Afg‘on askari nomoz o‘qiydi. Qur’onning mayin ohangi taraladi. Men panalab omin qilaman.

Ahmad tunda bizga qarshi jangga kirishi mumkin va shunday qilishiga ishonaman. Sashani ham u o‘ldirgan bo‘lsa ehtimol. Ko‘nglim qarama-qarshi o‘ylarga to‘lib, qo‘rquv aralash palov solingan chelakni olib “Ajal g‘ori”ga shoshilaman. Ahmad “Bahor shav, bacha!”, deganicha shivirlab qoladi. Urushda juda qiyin ekan-da dunyoni tushunish – ham oshini yeysan, ham qonini to‘kasan…

29 iyun

Kecha tunda qattiq hujum bo‘ldi. Mayor og‘ir yaralandi – o‘ng qo‘lini o‘q cho‘rtta uzib ketibdi. Bechorani “Qora lola”ga ortar ekanmiz tinimsiz urushni, Moskvani, dushmanlarni so‘kib alaxsiradi. Uning oqarib ko‘rinib qolgan so‘ngaklari atrofida shaldirab yotgan yarasidan oqqan qondan kiyimlarim shalobbo bo‘ldi. Kiyimlarimni almashtirganimcha ko‘nglim aynib rasvom chiqdi. Tongotarda o‘tgan kuni Ahmad bergan nashadan katta papiros o‘rab chekib uxlab qolibman.

7 iyul

Urush quyoshi qizil bo‘ladi. Tun urushda juda uzoq kechadi. Urushda kunduz kunlari quyosh botmaydi. Quyosh nuridan ajal urug‘i bahra oladi.

19 iyul

“Ajal g‘ori”da vaziyat og‘irlashdi. Deyarli har kuni hujum bo‘lib turibdi. Tunda bizni vertolyotda o‘zimizning qismimizga olib ketadigan bo‘lishdi. G‘orda yana bir kishi o‘ldi, ikki kishi og‘ir yaralandi. Toshkentlik Omon bedarak yo‘qoldi. Bir vzvod - o‘n besh kishidan iborat desant kelib bizga qo‘shildi.

21 avgust

Bir haftadan buyon “O‘lik sukunat”damiz. Bu harbiy malahatchilar qarorgohi uchta chodirdan iborat. Harbiy maskan dara etagida joylashgan. Mahalliylar bilan aloqamiz yo‘qligi sababli qishloqlar, joylar nomini harbiy, maxfiy xaritalaridan – giyohvand, aroqxo‘r, alamzada ofitserlarning gaplaridan bilib olamiz.

Dara o‘rmon bilan o‘ralgan. O‘rmon pastkam, daraxt desa daraxt emas, buta desa buta bo‘lmagan ko‘m-ko‘k pushtlardan iborat. Oh! Qani edi bu ko‘katlar qurib qolsa, o‘t olsa! Bu o‘rmonsimon changalzor bag‘ri dushmanlar uyasidan iborat. Tunlari postda sergak tursak dushman-afg‘onlarning tovushlarini eshitib qolamiz. Qosh qoraygandan ularning komandalari buyruqlari eshitila boshlaydi - alamzada, bir-biridan “serifoda”, “tish sindiradigan” – “dandon shikastagi” hayqiriqlar! Men Ahmadning tarixini o‘ylasam, ularni tushungan bo‘laman…

Podpolkovnik M. maslahatchi bo‘lgan hukumat qo‘shinlari “Ajal g‘ori” atrofidagi hududni tashlab chiqqach, butun maslahatchilar tarkibi almashdi: yoshgina ikkita kapitan va qandaydir “jarimachi”, ya’ni o‘ziga xos qatag‘onga uchragan polkovnikka tan qo‘riqchilik qilyapmiz. Ofitserlarning ism-sharifini aytish odat emas, qolaversa harbiy harakatlar payti, kim biladi bu daftar kimning qo‘liga tushadi?

22  avgust

Yosh kapitanchalar o‘ta olifta odamlar – birinchi o‘likni ko‘rib o‘qirib yig‘lashdi. Polkovnik ularni rosa so‘kdi. Umuman, polkovnik “molodoy” ofitserlarga qaraganda haqiqiy “ded”. Kapitanchalar biz, soldatlarga na ichiradi, na chektiradi. Lekin askarlar o‘z bilganlaricha yashaydilar – urushning o‘z qonunlari bor…

27 avgust

Ikkita yigitimizni kecha “til” qilib olib ketishibdi. “O‘lik” sukunat-atrofidagi qishloqlarni tit-pitini chiqardik. Qancha erkak-ayol, qari-yoshni yostig‘i quridi.

Bariga sabab o‘sha ikki yigitning “kalla-pocha” qilinishi bo‘ldi.

Men odamzod shunday ishlarga qodirligiga ishonmayman. Xudoga ming imon keltirib aytamanki, bu sog‘lom odam bolasining qo‘lidan keladigan ish emas.

Birovga aytsang ishonmaydi – oyoq-qo‘l, bosh, jinsiy a’zolar qassob tomonidan asta-sekinlik bilan o‘ylanib chopilgan. Yo Xudo! O‘zing asra! Dod deb uyga qochib ketgim kelayapti. Uydagilarni juda-juda sog‘indim…

30 avgust

Yigitlarimiz Nurullo degan qurboshini asir tushirishdi. Petka, Vasya, Mirodil va dog‘istonlik Ruslan uni qo‘l oyog‘ini chilvirlab daraxtga osishib, azoblashdi. Uzoq qiynoqlardan so‘ng og‘riqqa dosh berolmagan Nurullo o‘zi qilgan, qilmagan qilmishlarni bo‘yniga oldi – uchta yigitni shaxsan o‘ldirgan, undan ziyodini “kalla-pocha” qilgan. Men baholi qudrat tilmochlik qilib turdim. Hamma yigitlar qo‘rboshini bir tayoqdan urishdi…

Kechqurun Nurulloning jasadiga benzin qo‘yilib, o‘tda yoqildi.

17 sentyabr

Navbad nomli qishloqda bir afg‘onning uyida yotibman. Non va suv axtarib kelib qoldim. Shunchalik o‘zbekona uyki, shoshilib tashlab ketilgan ko‘rpa-to‘shaklar, piltachiroq, Samarqand yaqinidagi paxsa jannatimni eslatdi. Xayol surib, o‘yga botganimcha bechora afg‘onlar ko‘rpachasida, porox va tutun hidini burqsitib, uxlab qolibman. Tush ko‘rdim: tushimda qishlog‘imizda, uyimizda uxlab yotgan emishman. Oyog‘imni xom g‘ishtdan yasalgan pechka supasiga qo‘yib, huzur qilib uxlarmishman. Pechka ustidagi qozonda sho‘rva qaynarmish, qozonning yoniga issiq tandirnon qo‘yilgan emish. Sho‘rva va nonning hidini aniq his qildim. Uyning burchagida onam alla aytib, urchuq yigirarmish… Birdan pechka gurillab yonib, olov oyoqlarimga tarmashdi…

24 sentyabr

Gospitalda o‘zimga keldim.

R.S. Shu yerda Hotamning kundalik daftari juda puxta odam tomonidan «tuzatilgan». Daftarning bir necha sahifasi bilib bo‘lmas darajada tekis qirqilib, sahifalarning qoldig‘i keyingi varaqlarga yelimlangan va xira muhr bosilgan. Muhr o‘qilmaydi. Shu sababli men ham afsus bilan so‘nggi sahifalarni o‘qishga majburman.

9 noyabr

Amalda hech bir mohiyat kasb qilmaydigan unvonlar va darajalar turmush rivojlanishidagi eng katta to‘siqdir. Bunday holda odamlar mehnatining mazmuni va samarasi emas, balki sun’iy mezon bo‘lgan timsollar ijtimoiy zaruratga aylanib qoladi. Ko‘p baxtsizliklarimizning sababi ana shunda.

Universitetda qanday ko‘p edi bunaqalar. U yerda ma’naviy zarar yetgan bo‘lsa, bu yerda sun’iy, keraksiz unvonlar, lavozimlar uchun odamlar tuproqqa bosh qo‘yishdi. Xay kapitan bo‘lmay…

12 noyabr

Kecha-yu kunduz postdaman.

Qishloq. Katta qishloq o‘rtasidan daryocha oqadi. Ko‘prikning u yog‘ida dushmanlar, bu yog‘i biz.

Kunduz soat ikkiga qadar odamlar ko‘prikdan o‘tishlari mumkin. Peshin o‘tish qat’iyan man qilinadi. Dushman peshin urush uchun yashaydi. Qanchalik dahshat! Ertalab biz tomonga «mehmon» bo‘lib kelgan qari-qartang, yosh-yalang (albatta yosh bola-o‘smirlar, erkaklar emas) u tarafga kimning qarindoshi halok bo‘lganini yetkazishadi. Qosh qoraygach, dushman qora qumursqadek tashlanadi. Bunday paytda kim tomondan o‘q otilganligi surishtirilmaydi…

Shu ko‘prikka kelganimdan beri ko‘nglim xijil. Zo‘rg‘a hujumga dosh berayapmiz. Chunki orqa tomonimiz ham afg‘on armiyasi. Ularga ham ishonch yo‘q.

14 noyabr

F.Dostoyevskiyning «xalq qalbi qariyaptimi yoki inqirozga yuz tutayaptimi?» degan savoli qanchalik dolzarb!

Men bu sharqona, tushunib bo‘lmas, «kashtalardan iborat» urushni anglolmadim:

Mantiq va maqsad, sabab va oqibat… Bari-bari o‘ta mavhum!

Jismoniy mashaqqatdan ruhiy parokandalik ko‘proq qiynaydi!

Uyga ketgim keladi.

18 noyabr

Men odam o‘ldirdim!

Men ayol o‘ldirdim!!

Men qotillik qildim!!!

Bunga to‘rt kun bo‘ldi. Tushlikdan so‘ng, peshin payti edi. Bitimga binoan allaqachon ko‘prik berkitilgan – na u tomondan, na bu tomondan biron sharpa ko‘rinmasdi. Ushbu daftarni ermak qilib, oqopdan ko‘prikni kuzatardim…

Men Afg‘onistonda ko‘p janglarda qatnashayapman. Yaralandim, asirlarni urib, otib o‘ldirishganliklarini ko‘rdim, ammo o‘zim bunday «qassoblikda» qatnashmagandim. Chindan, uzoqdan men otgan o‘qlardan yiqilganlarni ko‘rganman – faqat jang payti… Qanchadan-qancha o‘lik, parchalangan tanalarni ko‘rganman, tashiganman, ortganman, lekin baribir ko‘nglimning qa’rida o‘limdan qo‘rquv, qotillikdan qochish hissi yashardi. Men o‘zimni bir necha marta sinab ko‘rganman. Lekin o‘sha kuni dahshatli, bir umr kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ydim…

Ko‘prikdan paranji yopingan sharpa paydo bo‘lib, biz tomonga kela boshladi. Bizning chegaradan o‘tgunicha indamay kutib turdim. So‘ng afg‘onchalab, o‘zbekchalab, ruschalab “Qayt!”, “To‘xta!” komandalarini berdim. Yonimda ikkita yosh askar bor edi. Qarasam, ularning ranglarida rang yo‘q. O‘zim ham qo‘rqib ketdim. Axir biron bir mutaassib yoki qasoskor paranji yopinib, granata yoki mina olib kelayotgan bo‘lsa…

Avtomatni “shaqirlatib” o‘qlab “Otaman!”, “Orqangga qayt!” buyruqlarini berdim, baqirdim. Bizdan yigirma qadamcha narida, yo‘l o‘rtasida siljiyotgan sharpa juda sekinlab harakat qila boshladi. Mening juda shubham ortib ketdi, hatto qo‘lida quroli aniq bordek ko‘rindi! Men osmonga ogohlantiruvchi o‘q uzdim. O‘q ovozi yangragach, paranjidagi kishi qattiq seskandi… va biz tomonga, oqopimizga qarab ikki-uch qadamni keskin tashladi. Menga o‘ylash uchun vaqt qolmagan edi: nishonga olib o‘tirmasdan bir sidra o‘q uzdim. Paranji ovoz chiqarmasdan yiqildi. Hatto o‘qlar zarbidan bir qadam orqaga siljidi ham…

Men atrofimizda chug‘urlashayotgan qushlar va sheriklarimning «Biznikilar!» degan ovozlaridan o‘zimga keldim. Komandirga bo‘lgan voqeani aytib berdim. U meni maqtab, biz qarab turamiz, murdani daryo qirg‘og‘iga sudrab tashlanglar, dedi. Men ikki sherigim bilan jadal murdani oldiga bordim. Sheriklarim qo‘lidan, men oyog‘idan ko‘tardim. Murda o‘ta yengil edi: kiyimlaridan uning ayol kishi ekanligini bildim. Daryo qirg‘og‘ida murdani sheriklarimga sekinroq qo‘yishni buyurdim va qontalash paranjini ko‘tarib murdaga qaradim…

Bu sakson yoshli kar va gung afg‘on kampiri edi. Uni bu atrofda hamma tanirdi. Ko‘nglimda bir narsa «chirt» etib uzilgandek bo‘ldi… To‘rt kundan buyon o‘lik kampirning chehrasi ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Tushlarimga kirayapti, bosliqib chiqayapman.

24/25 noyabr

Bugun qaysi kun ekanligini bilmayman. Haftadan oshdi nashaxo‘rlikdan boshim chiqmayapti. Hech ham o‘zimga kelganim yo‘q. Ikki kun oldin BMP portladi. Uch kishi bo‘lib o‘lik ortdik: oldin uzilgan boshlarni, keyin tanalarini, so‘ngra oyoq-qo‘llarni.

Kecha-kunduz goh murdalar, goh ajina kampir ta’qib qilmoqda. Bu dahshatdan qutulishning eng oson yo‘li ko‘knor va o‘q otish…

P.S. Shu yerda Hotamning kundaligi tugaydi va opasining o‘n ikki kundan keyin ushbu daftarni olganligi haqida imzosi bor.

Eshqobil VALI.

Samarqand, 1997-2017 yy.