Oqdaryoda 1 million so‘mdan ortiq bo‘lgan jihozlarni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi

Shu yil 2 oktyabr kuni Oqdaryo tumanida yashovchi 40 yoshli fuqaro A. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Arizada 23 sentyabrdan 30 sentyabrga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, hovlisida turgan bir dona, bahosi 500 ming so‘mlik «Agidel» suv nasosi hamda uyida turgan bir dona, bahosi 600 ming so‘mlik «Artel» rusumli oshxona pechini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari natijasida ushbu o‘g‘irlikni Oqdaryo tumani Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 25 yoshli Sh. sodir qilganligi aniqlangan. Fuqarodan bir dona «Agidel» suv nasosi va bir dona «Artel» rusumli oshxona pechi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.